O‘zbekistonda kuzgi mavsumida 140 mln tup ko‘chat ekiladi
O‘zbekistonda 'Yashil makon' umummilliy loyihasining kuzgi mavsumi doirasida 140 million tup ko‘chat ekiladi. Ko‘chat ekish tadbirlari 1-noyabrdan hududlar bo‘yicha bosqichma-bosqich boshlanadi. Mahallalarda mikroo‘rmonlar va 'Yashil lot' tizimi joriy etiladi.

O‘zbekistonda kuzgi mavsumda 140 mln tup ko‘chat ekiladi
O‘zbekistonda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2026-yil kuzgi mavsumida 140 million tup ko‘chat ekish rejalashtirilgan. Bu haqda O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, prezidentning 2026-yil 23-sentabrdagi ““Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda mahallalar rolini kuchaytirish va hududlarning yashillik darajasini tubdan oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 206-sonli farmoniga muvofiq, kuzgi ko‘chat ekish ishlari yangi yondashuvlar asosida tashkil etilmoqda.
“3−30−300” xalqaro standarti joriy etilib, kuz-qish oylaridagi namlik darajasi ko‘karuvchanlikni oshirishi inobatga olingan holda respublika bo‘yicha 140 million tup ko‘chat ekish belgilangan.
Ko‘chat ekish mavsumi hududlarning iqlim sharoitidan kelib chiqib quyidagi muddatlarda boshlanadi:
1-noyabrdan: Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida;
5-noyabrdan: Buxoro va Navoiy viloyatlarida;
10-noyabrdan: Andijon, Jizzax, Samarqand, Sirdaryo, Namangan, Toshkent, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahrida;
20-noyabrdan: Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida.
Aholi uchun qulay ekologik muhit yaratish maqsadida 2026-yil kuz mavsumida 257 ta “Yashil bog‘” va “Yashil jamoat parki” barpo etiladi, 2030-yilga qadar ularning soni 1023 taga yetkaziladi.
Shuningdek, 2030-yilga qadar har bir tuman va shaharda kamida 5 tadan, uzunligi 10 kilometrdan kam bo‘lmagan soyali sayr ko‘chalari tashkil etiladi. 2026-yil uchun 1-noyabrga qadar, keyinchalik esa har yili 1-martgacha tuman va shaharlarning yashil dasturlari ishlab chiqiladi. Ularda yomg‘ir, qor va oqova suvlarni to‘plab qayta ishlaydigan suv tejovchi sug‘orish tizimlari nazarda tutiladi.
Ko‘chatlarni parvarishlash va mahallalar talabini shakllantirish bo‘yicha yangi mexanizmlar joriy etildi. 2026-yil 1-oktabrdan boshlab aholi va mahalla yettiligiga ko‘maklashish uchun 4200 nafarga yaqin “o‘rmonchi murabbiy” respublikadagi 8992 ta mahallaga biriktirildi.
2027-yil 1-yanvardan “Mahalla — islohotlar buyurtmachisi” tamoyili asosida “Mahallani yashillashtirish” paketi joriy etiladi. Ajratiladigan mablag‘lar Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasiga o‘tkaziladi. O‘rmon agentligi mahallalar buyurtmasi asosida “Yashil — mahalla” dasturi doirasida ko‘chatlarni yetkazib berish, kasallik va zararkunandalardan himoya qilish hamda sug‘orish vositalari bilan ta’minlash xizmatlarini ko‘rsatadi.
Yer maydoni cheklangan mahallalarda, ko‘p kvartirali uylar orasida, maktab va bog‘chalar hovlisida mahalla mikroo‘rmonlari tashkil etiladi. Yer ajratish imkoni bo‘lmagan yoki beton va asfalt qoplamali hududlarda kichik jamoat bog‘lari yaratiladi.
Bundan tashqari, 2027-yil 1-yanvardan aholi va tadbirkorlar tashabbusi bilan “Yashil lot” tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Mavjud yer uchastkalari jismoniy va yuridik shaxslarga shartnoma asosida nom berish orqali “yashil bog‘” barpo etish uchun ajratiladi. Bunda yerlar mulk sifatida berilmaydi, ularda qurilish va konstruksiya o‘rnatish taqiqlanadi.
21 sentyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida o‘tkazilgan taqdimotda “Yashil makon” loyihasida trotuarlar va gavjum joylarni ko‘kalamzorlashtirishga ustuvor ahamiyat berilishi aytilgandi.
Unda, shuningdek, mahallalarning “yashil reytingi”ni joriy etish taklifi muhokama qilindi. Uning asosiy mezonlari yashil maydonlar ulushi, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daraxtlar soni, yangi ko‘chatlarning tutib ketish darajasi va aholining jarayondagi ishtiroki bo‘ladi.

