Gʻazo vayronalari orasidan umid izlab
Uch yil davomida falastinliklar hayotini oʻlim va vayronagarchilik egallab oldi. Ammo bombalar, ochlik va majburiy koʻchishlar ularning yaxshiroq hayotga boʻlgan intilishini yoʻq qila olmadi.

Gʻazo vayronalari orasidan umid izlab
Oʻtgan yil oktabrida imzolangan oʻt ochishni toʻxtatish kelishuvi goʻyo Isroilning Gʻazodagi urushiga yakun yasagandek edi. Ammo bir yil oʻtganiga qaramay, Isroil zarbalari hanuz toʻxtagani yoʻq. Hujumlar avvalgidek uzluksiz boʻlmasa-da, deyarli har kuni Gʻazoning u yoki bu tomonida falastinliklar halok boʻlmoqda.
Mahalliy sogʻliqni saqlash rasmiylari bergan maʼlumotga koʻra, sulh imzolanganidan beri, yaʼni bir yil ichida Gʻazoda 1400 dan ortiq odam oʻldirilgan. Isroil esa hanuz Hamas jangchilari nishonga olinayotganini bildirmoqda.
Gʻazodagi falastinliklar hayotini va tirikchiligini qayta tiklashga urinmoqda. Ularning ayrimlari vayronalar orasidan qoʻl ostidagi materiallar bilan uylarini qayta qurmoqda. Boshqalari esa bizneslarini qayta tiklash yoki yangisini boshlashga harakat qilmoqda.
### Vayronalardan qayta qurish
28 yoshli Jaʼfar Atalloh avvallari oilasiga tegishli kichik fabrikada ishlab, roʻzgʻor tebratgan. Gʻazo sektori shimolidagi al-Voha hududida joylashgan bu fabrika uning uyi yonidagi loy konlaridan kosa va guldonlar tayyorlardi. Isroilning harbiy kampaniyasi chogʻida uning uyi yer bilan yakson qilindi. Shundan keyin Atalloh va uning oilasi bizneslarini Gʻazo markazidagi az-Zavaydada qayta yoʻlga qoʻydi.
Atalloh oʻzi pishirgan qizil gʻishtlardan oddiy boshpana qurdi. Bu boshpana bir xonadan iborat boʻlib, u yerda homilador rafiqasi bilan yashaydi.
Atallohda yerdan loy qazib olish uchun kerakli ogʻir texnika yoʻq. Biroq endi ularga yordam beradigan boshqa bir imkoniyat bor.
"Biz Isroil bombasidan hosil boʻlgan chuqurga boramiz, chunki u yerda loyga yetib borsa boʻladi. Uni qazib olamiz, tozalaymiz va ishga kirishamiz," deydi maqola qahramoni.
Somon bilan mustahkamlangan gʻishtdan qurilgan devorlar Gʻazoning jazirama yozida uy ichini tabiiy ravishda salqin tutadi. Atalloh bu devorlar qishda ham uyni issiq saqlashga yordam berishidan umid qilmoqda.

