Dunyo

Gʻarbiy sohildagi zoʻravonliklar va Rossiyada qulagan strategik bombardimonchi – kun dayjesti

Oʻtgan kun davomida jahonda roʻy bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Gʻarbiy sohildagi zoʻravonliklar va Rossiyada qulagan strategik bombardimonchi – kun dayjesti

**Gʻarbiy sohildagi zoʻravonliklar**

Isroil bosib olgan Gʻarbiy sohilda yahudiy koʻchmanchilarning falastinliklarga qarshi hujumlari toʻxtamayapti. Reuters guvohlarga tayangan holda xabar berishicha, Ramallah shimolidagi bir qishloqda 100 dan ortiq koʻchmanchi falastinlik oilaning uyiga qaytishiga yoʻl qoʻymagan va Isroil harbiylari bilan toʻqnashgan.

Tubasi oilasiga tegishli ikki uy koʻchmanchilar tomonidan bir necha hafta avval egallab olingan edi. Shundan beri oila qishloqning boshqa qismida yashab kelmoqda. Dushanba kuni kechqurun Isroil armiyasi oilani uyiga olib borib, uni koʻchmanchilardan himoya qilishga rozi boʻlgan. Biroq guvohlarning aytishicha, oila uyga kirib borgach taxminan 10 daqiqa oʻtib, koʻchmanchilar guruhi bostirib kelgan. Isroil armiyasi bayonotiga koʻra, ular uylarga oʻt qoʻygan, yoʻllarni toʻsib qoʻygan va harbiylarga tosh otgan. Oqibatda uch ofitser jarohat olgan.

«Zoʻravonlik sababli oilani uyiga qaytarish vazifasi bajarilmadi», deyiladi armiya bayonotida. Harbiylar ikki koʻchmanchi hibsga olingani va tergov boshlanganini bildirdi.

Falastinlik uy egalaridan biri Reutersʼga uyining tanib boʻlmas darajada vayron qilinganini aytdi: eshik, deraza, pol va zinalar buzib tashlangan. Uyning devorlari koʻchmanchilar yoqqan shinalar tutunidan qorayib ketgan.

Seshanba kuni Gʻarbiy sohildagi Al-Mugʻayyir qishlogʻida ham koʻchmanchilar bir nechta mashinani yoqib yuborgan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu zoʻravonlikni qoralab, aybdorlarni javobgarlikka tortishga chaqirdi. Biroq isroillik va falastinlik huquq himoyachilarining aytishicha, koʻchmanchilar zoʻravonlik uchun juda kam hollarda jazolanadi.

AQShda sunʼiy intellekt xavfsizligi borasidagi xavotirlar kuchayib borayotgan bir paytda, AQSH prezidenti Donald Tramp seshanba kuni Oq uyda texnologiya kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi. Uning aytishicha, kompaniyalar sunʼiy intellekt uchun ixtiyoriy standartlar joriy etishga kelishib olgan.

Tramp oʻz ijtimoiy tarmogʻida eʼlon qilgan kelishuv matniga koʻra, kompaniyalar sunʼiy intellekt tizimlari ishlab chiquvchilar koʻzlagandek ishlayotganini tekshirish uchun mustaqil auditorlar bilan hamkorlik qiladi. Shuningdek, ular oʻz vositalari texnik tizimlarga koʻzda tutilmagan tarzda buzib kirmasligini taʼminlashga harakat qiladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.