FVV yuqori xavf omillari röyxatini tasdiqladi
Özbekistonda favqulodda vaziyatlarning oldini oliş va yonğin xavfsizligi sohasida inson hayoti hamda soğliğiga yuqori xavf soluvçi omillar reyestriga kiritiladigan maʼlumotlar röyxati tasdiqlandi. Hujjatda bunday xavfni belgilaşga asos böladigan qoidalar va şaharsozlik normalarining aniq bandlari körsatilgan.

FVV yuqori xavf omillari ro‘yxatini tasdiqladi
Favqulodda vaziyatlar vazirining 2026-yil 17-oktabrdagi 233-son buyrug‘i Adliya vazirligida 23-oktabr kuni 3963-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Ro‘yxatda aholi va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va yong‘in xavfsizligi sohasidagi qonunchilikka rioya etmaslik yuqori xavf soluvchi omil sifatida belgilangan. Nazorat qiluvchi organ sifatida Favqulodda vaziyatlar vazirligi ko‘rsatilgan.
Bunday omilni baholash uchun o‘rmonlarda yong‘in xavfsizligi, aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqaro muhofazasi hamda umumiy yong‘in xavfsizligi qoidalarining ro‘yxatda sanab o‘tilgan bandlari asos bo‘ladi.
Shuningdek, hujjatda binolar va muhandislik tizimlariga oid shaharsozlik normalarining muayyan talablari qamrab olingan:
- binolar va inshootlarning yong‘in xavfsizligi;
- yong‘in avtomatikasi tizimlari;
- gaz, ichki va tashqi suv ta’minoti;
- isitish, ventilyatsiya va konditsiyalash;
- turar joy va jamoat binolarining elektr jihozlari;
- tabiiy va sun’iy yoritish;
- tomlar, tomqoplamalar va yog‘och konstruksiyalarga oid talablar.
Ro‘yxat turar joy, jamoat va ma’muriy binolar, tibbiyot, ta’lim va madaniyat tashkilotlarini loyihalashga oid normalarni ham qamrab olgan.
Bundan tashqari, avtoturargohlar, qozonxonalar, omborxonalar, don saqlash va unga ishlov berish korxonalari, sanoat hamda qishloq xo‘jaligi obyektlariga doir talablar keltirilgan. Avtomobillarga yonilg‘i quyish stansiyalari, neft va neft mahsulotlari omborlari hamda qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish bo‘yicha normalarning aniq bandlari ham ro‘yxatga kiritilgan.
Hujjatda har bir yo‘nalish bo‘yicha yuqori xavfni belgilashga asos bo‘ladigan normativ hujjat va uning tegishli bandlari sanab o‘tilgan. Buyruqning o‘zida yangi jarima miqdorlari belgilanmagan.
Buyruq Biznes-ombudsman va Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan. U rasmiy e’lon qilingan kundan — 2026-yil 24-oktabrdan kuchga kirgan.

