Futboldan biznesga: butsasini mixga ilib, milliarderga aylangan yulduzlar

**Futboldan biznesga: Butsasini mixga ilib, milliarderga aylangan yulduzlar**
Professional futbolchilar uchun faoliyatni yakunlash oson kechmaydi. Ayniqsa, 30-40 yosh oralig‘ida butsalarini mixga ilgan futbolchilar uchun futboldan keyingi hayot yangi sinovlarni taqdim etadi. Ba’zilar murabbiylik yoki televideniyedagi faoliyatni tanlasa, boshqalari biznesga kirib, yirik kompaniyalar va loyihalarni yo‘lga qo‘yadi. Goal nashri futboldan keyin tadbirkorlikda katta muvaffaqiyatga erishgan besh sobiq futbolchining faoliyatiga e’tibor qaratdi. Ular orasida “Manchester Yunayted” afsonalari, Jahon chempioni va UEFA Chempionlar Ligasining to‘rt karra g‘olibi ham bor.
**Devid Bekhem**
Devid Bekhem futbolchilik faoliyatida Angliya terma jamoasi, shuningdek, “Manchester Yunayted” va “Real Madrid” safida to‘p tepib, dunyoning eng mashhur futbolchilaridan biriga aylandi. Biroq u faoliyatini yakunlagach ham sportdan uzoqlashmadi. Bekhem AQSHning “Inter Mayami” klubi prezidenti hisoblanadi. Shuningdek, Angliyaning quyi ligalaridan birida ishtirok etadigan “Salford Siti” klubining ham ulushiga ega. U Adidas, Hugo Boss, Tudor va Safilo kabi xalqaro brendlar bilan uzoq yillik hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
2014-yilda Devid rafiqasi Viktoriya va menejeri Saymon Fuller bilan birgalikda Beckham Brand Holdings kompaniyasiga asos solgan. Bu kompaniya ularning barcha brendlari, shartnomalari va sportga kiritgan sarmoyalarini boshqaradi. 2019-yilda Devid va Viktoriya Fullerning kompaniyadagi ulushini to‘liq sotib olib, uning yagona egalariga aylanishdi. 2022-yilda esa Bekhem o‘z bizneslarini DJRB Holdings nomi ostida qayta birlashtirdi. Shu yili u o‘ziga qarashli DB Ventures kompaniyasining 55 foiz ulushini AQShning Authentic Brands kompaniyasiga 200 million funt sterlingga sotdi. Shunga qaramay, Bekhem kompaniyaning qolgan 45 foiz ulushiga egalik qilish barobarida uning nazoratini to‘liq o‘z qo‘lida saqlab qoldi. Uning biznes imperiyasi har yili o‘nlab million funt sof foyda keltiradi. Shuningdek, oilaga tegishli Studio 99 kompaniyasi Netflix uchun Devid va Viktoriya haqida maxsus hujjatli filmlar suratga olgan. 2025-yilda esa u Prenetics biotexnologiya kompaniyasi bilan hamkorlikda IM8 deb nomlangan salomatlik uchun foydali qo‘shimchalar brendini ishga tushirdi.
**Lukas Podolski**
Germaniya terma jamoasi bilan 2014-yilgi Jahon chempionatida g‘olib chiqqan Lukas Podolski ham muvaffaqiyat qozongan biznesmenlardan biri hisoblanadi. U 2017-yilda Kyolnda Ice Cream United muzqaymoq brendini ishga tushirdi. Bir yil o‘tib esa Mangal Doner kabob restoranlari tarmog‘ini ochdi.
Podolski futbolchilik faoliyatini davom ettirayotgan paytda ham biznesini kengaytirishda davom etib, Germaniyadagi yirik musiqa festivallaridan biri — Glücksgefühle Festival’ni tashkil etdi. Shuningdek, sobiq jamoadoshi Mats Hummels va Feliks Stark bilan birgalikda olti kishilik jamoalar ishtirokidagi yopiq futbol turniri — Baller League’ga asos soldi. Bu liga keyinchalik AQSH va Buyuk Britaniyaga ham kengaydi. Bugungi kunda Mangal Doner tarmog‘ining Germaniyada 30 ga yaqin filiali mavjud. Podolski 2026-yil may oyida futbolchilik faoliyatini yakunlaganida uning boyligi 180 million funt sterlingga baholangan. Shuningdek, u bolalikdan muxlislik qilgan “Gurnik Zabje” klubining asosiy aksiyadoriga aylandi.
**Maykl Ouen**
“Liverpul”, “Real Madrid”, “Nyukasl” va “Manchester Yunayted” safida o‘ynagan Maykl Ouen ham futbolchilik faoliyatidan so‘ng biznesda o‘zini sinab ko‘rdi. 2001-yilda “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritgan Ouen Angliya terma jamoasi safida 89 ta uchrashuvda 45 ta gol urgan. Uning futboldan tashqari asosiy qiziqishlaridan biri ot poygasi bo‘lgan. U 22 yoshidayoq Cheshirdagi Manor House Stables otxonasini sotib oldi. Keyinchalik u oddiy sut fermasini zamonaviy ot tayyorlash markaziga aylantirdi.
Majmuada otlar uchun maxsus yugurish yo‘laklari, basseyn va isitiladigan mashq uskunalari mavjud va bu yerda 140 dan ortiq zotdor ot parvarish qilinadi. Manor House Stables otlari yiliga 1–2,4 million funt miqdorida foyda keltiradi. Bundan tashqari, u Umbro, Tissot va Jaguar kabi brendlar bilan hamkorlik qilgan, ko‘chmas mulkka sarmoya kiritgan va televideniyeda futbol eksperti sifatida faoliyat yuritgan. Ouenning shaxsiy boyligi 54 million funt sterlingdan ortiq deb baholanadi.
**Jerar Pike**
“Manchester Yunayted” bilan Angliya chempionligi va Chempionlar Ligasida g‘olib chiqqan Jerar Pike “Barselona” safida yana ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritdi. Ispaniya terma jamoasi bilan esa Jahon va Yevropa chempionatlarida zafar quchdi. Pike 2017-yilda Rakuten rahbari Xiroshi Mikitani ko‘magida sport, media va ko‘ngilochar loyihalarga sarmoya kirituvchi Kosmos Global Holding kompaniyasiga asos soldi. Keyinchalik Kosmos Xalqaro tennis federatsiyasi bilan Devis Kubogini rivojlantirish bo‘yicha 25 yilga mo‘ljallangan, qiymati 3 milliard funt sterlinglik shartnoma tuzdi.
Shuningdek, kompaniya Ispaniyaning “Andorra” klubini sotib oldi va Pike davrida klub beshinchi diviziondan Ispaniya ikkinchi divizionigacha ko‘tarildi. Pikening eng mashhur loyihalaridan biri Kings League bo‘ldi. Yopiq maydonda yetti kishilik jamoalar ishtirokidagi ushbu turnirda ijtimoiy tarmoq yulduzlari qatnashadi va an’anaviy futboldan farqli qoidalar qo‘llanadi. Musobaqaning 2024/2025-yilgi mavsumida Islom Abdujabborov boshchiligidagi “Unwanted Boys” jamoasi O‘zbekiston terma jamoasi sifatida qatnashib, chorak finaligacha yetib borgan edi. Kings League 160 million funt sterlingdan ortiq investitsiya jalb qildi, Adidas va Netflix kabi yirik kompaniyalar bilan hamkorlik qiladi. Keyinchalik liga Queens League, Kings League Americas va Kings League World Cup loyihalari bilan kengaydi. Shuningdek, Pike Karles Puyol bilan 426 Miles ichimlik brendiga asos soldi va Konami bilan hamkorlikda eFootball.Pro loyihasini ishga tushirdi. Uning boyligi taxminan 80 million funt sterlingga baholanadi.
**Gari Nevill**
“Manchester Yunayted” afsonasi Gari Nevill futbolchilik faoliyatidan keyin biznes va televideniyedagi faoliyati bilan mashhur bo‘ldi. U Devid Bekhem bilan birgalikda “Salford Siti” klubiga egalik qiladi. Nevill Buyuk Britaniyada ko‘chmas mulk, mehmonxona biznesi, media, ta’lim va sport sohalarini qamrab oluvchi 50 dan ortiq kompaniyaning direktori yoki asosiy rahbari sifatida faoliyat yuritadi. U Stock Exchange Hotel va Hotel Football kabi mehmonxonalarni boshqaruvchi GG Hospitality kompaniyasining hammuassislaridan biri hisoblanadi.
Uning The Overlap loyihasini ishlab chiqaruvchi Buzz16 prodyuserlik kompaniyasi ham mavjud. Bundan tashqari, Nevill biznes hamkori Entoni Kilbrayd bilan Relentless Group kompaniyasini tashkil etib, Manchester shahridagi yirik ko‘chmas mulk loyihalarida ishtirok etmoqda. Ta’lim sohasida ham faol bo‘lgan Nevill Manchesterda kam daromadli oilalardan chiqqan yoshlar uchun University Academy 92 universitetining tashkil etilishida qatnashgan. Uning Stick to Football podkasti haftasiga bir milliondan ortiq ko‘rish to‘playdi. Nevill Sky Sports va ITV telekanallarida ekspert sifatida ishlaydi hamda BBC telekanalining Dragon’s Den dasturida mehmon investor sifatida ishtirok etgan. Nevillning shaxsiy boyligi 70–100 million funt sterling atrofida baholanadi.
**Futboldan keyingi hayot**
Devid Bekhem, Lukas Podolski, Maykl Ouen, Jerar Pike va Gari Nevillning faoliyati futbolchilik bilan cheklanib qolmagan. Ularning tajribasi shuni ko‘rsatadiki, professional sportdagi faoliyat yakunlangach ham futbolchilar oldida katta imkoniyatlar ochiladi. Kimdir sport biznesiga sarmoya kiritadi, boshqasi texnologiya yoki ekologiya sohasini tanlaydi, yana biri esa ko‘chmas mulk, restoran va media loyihalarida o‘zini sinab ko‘radi. Ularning ayrimlari futbolchilik davrida orttirgan mashhurligidan foydalangan bo‘lsa, boshqalari butunlay yangi sohada noldan biznes qurdi. Eng muhimi, ular sportdagi faoliyatini yakunlagach, yangi yo‘nalishda ham ulkan muvaffaqiyat qozona oldi.

