Jeff Bezos “Liverpul” klubining 30 foiz ulushini sotib oldi — OAV

Jeff Bezos "Liverpul" klubining 30 foiz ulushini sotib oldi – OAV xabari
Amazon asoschisi va dunyoning eng badavlat shaxslaridan biri Jeff Bezos "Liverpul" futbol klubining qariyb 30 foiz ulushiga egalik qildi. Ushbu bitim po‘lat magnati Lakshmi Mittalning kuyovi Amit Bhatiya boshchiligidagi konsorsium orqali amalga oshirilgan. Klubning hozirgi egasi Fenway Sports Group (FSG) ushbu ulushni sotish bo‘yicha "yakuniy kelishuv"ga erishilganini tasdiqladi.
Kelishuv Amit Bhatiya rahbarligidagi investorlar guruhi tomonidan amalga oshirilgan. Bhatiya, po‘lat magnati Lakshmi Mittalning kuyovi bo‘lib, ilgari "Kuins Park Reynjers" klubining aksiyadori bo‘lgan. Yangi kelishuvga ko‘ra, Bhatiya "Liverpul" vitse-raisi lavozimini egallaydi.
Ushbu bitim natijasida "Liverpul"ning umumiy qiymati taxminan 7 milliard dollarga baholangan. Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, Bezosning shaxsiy boyligi 280 milliard dollardan oshadi. Bu uning sport klubiga kiritgan ilk investitsiyasi hisoblanadi.
Shu bilan birga, "Liverpul"ning amaldagi asosiy egasi Fenway Sports Group (FSG) klubdagi nazorat paketini va operatsion boshqaruvni o‘zida saqlab qoladi. Bezos esa klub boshqaruvida operativ lavozimni egallamaydi.
Kelishuv kelajakda Bezos qo‘llab-quvvatlayotgan konsorsiumga "Liverpul"dagi ulushini oshirish imkoniyatini ham beradi. Biroq, bu kelajakda klubning nazorat paketini sotib olish kafolatlanganini anglatmaydi.
"Liverpul" rahbariyati yangi investitsiya klubning transfer siyosatiga ta’sir qilmasligini ma’lum qildi. Konsorsiumning sarmoyasi uchun alohida transfer budjeti ajratilmaydi. Transferlar bo‘yicha qarorlar avvalgidek klubning sport yo‘nalishi va moliyaviy barqarorlik tamoyillari asosida qabul qilinadi.
FSG prezidenti Mayk Gordon kelishuv klubning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasiga mos kelishini ta’kidladi. "Ularning tajribasi va qarashlari klubda allaqachon yaratilgan mustahkam poydevorni to‘ldiradi. Biz ular bilan hamkorlik qilishni intiqlik bilan kutmoqdamiz", dedi Gordon.
Ta’kidlanishicha, Bezosning "Liverpul"dagi ishtiroki uning sport sohasidagi ilk yirik investitsiyasi bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, Bhatiya 46 yoshli britaniyalik-hindistonlik tadbirkor bo‘lib, investitsiya banki sohasida tajribaga ega. U hozirda texnologiya, media, ko‘chmas mulk, chakana savdo va sog‘liqni saqlash kabi turli sohalarga investitsiya kirituvchi AyBe Capital ko‘p yo‘nalishli investitsiya firmasini boshqaradi. Bhatiya hindistonlik milliarder Lakshmi Mittalning qizi Vanisha Mittal Bhatiyaga uylangan. Bezos esa dunyodagi eng mashhur biznesmenlardan biri va 1994-yilda Sietldagi garajida tashkil etgan elektron tijorat giganti — Amazon egasidir. Uning boshqa investitsiyalari qatoriga aerokosmik kompaniya Blue Origin va Nash Holdings venchur kapital firmasi kiradi. Nash Holdings "The Washington Post" gazetasining egasi hisoblanadi.

