Dunyo

Frantsiyada talabalar norozilik namoyishlari kuchayishi ortidan 400 dan ortiq kishi qoʻlga olindi

Oʻquvchilar oʻtgan haftadan beri yuqori sinf maktablaridagi sharoitlar va resurslarga qarshi norozilik bildirmoqdalar.

Frantsiyada seshanba kuni butun mamlakat boʻylab litsey oʻquvchilarining kuchayib borayotgan norozilik namoyishlari fonida 400 dan ortiq kishi, ularning aksariyati voyaga yetmaganlar qoʻlga olindi, deb maʼlum qildi Frantsiya ichki ishlar vaziri.

Parijda boshlangan va oʻsmirlar bir necha kundan beri oʻz maktablarini toʻsib qoʻyishi bilan davom etayotgan namoyishlarga sinfxonalarning haddan tashqari tirbandligi va oʻqituvchilar yetishmovchiligi kabi muammolardan xavotirlar sabab boʻlgan.

Rasmiylarning bildirishicha, seshanba kungi norozilik namoyishlari chogʻida kamida 10 nafar oʻqituvchi va bir necha oʻquvchi, shuningdek, 48 nafar huquq-tartibot idorasi xodimi jarohatlangan. Taʼlim vazirligi kamida 400 ta maktab zarar koʻrganini maʼlum qildi.

Fotosuratlar va videolarda namoyishchilar tomonidan chiqindi qutilariga oʻt qoʻyilgani va avtobus bekatlariga shikast yetkazilgani aks etgan.

«Biz bu yerga oʻz fikrimizni yetkazish uchun kelganmiz», dedi 16 yoshli oʻquvchi qiz AFP axborot agentligiga. «Biz bu yerga hamma narsani behuda vayron qilish uchun kelganimiz yoʻq. Biz aynan taʼlim tizimi butunlay izdan chiqqanini aytish uchun keldik. Har bir sinfda 34 kishimiz va bu shunchaki imkonsiz. Oʻqituvchilar haddan tashqari koʻp ishlamoqda».

Frantsiya taʼlim vaziri Eduar Jeffre X ijtimoiy tarmogʻida qoldirgan postida oʻquvchilar norozilik bildirish huquqiga ega ekanini aytdi, biroq zoʻravonlik haqidagi xabarlarni «oqlab boʻlmaydigan» deb taʼrifladi.

Ichki ishlar vaziri Loran Nunyes BFMTV telekanaliga 440 kishi qoʻlga olinganini maʼlum qildi va qoʻshimcha qildi: «Bizda hali yakuniy raqamlar yoʻq, lekin menga aytishlaricha, ularning uchdan ikki qismi politsiya hibsxonasiga olib borilgan».

Frantsiya OAVlarining xabar berishicha, namoyishchilar politsiyachilarga qarata turli buyumlarni uloqtirgan, politsiya esa bunga javoban kaltaklar va koʻzni yoshlatuvchi gazdan foydalangan.

Oʻquvchilar manfaatlarini himoya qiluvchi «Union Syndicale Lycéenne» prezidenti Riad Rani AFP agentligiga Frantsiya hukumati «qatagʻon» olib borayotganini aytdi va politsiyani haddan tashqari kuch ishlatishda aybladi.

Bir necha frantsuz siyosatchilari tomonidan tanqid qilingan politsiyaning namoyishlarga boʻlgan munosabati haqidagi savolga Nunyes bu «oʻta mutanosib tarzda amalga oshirilganini» aytdi.

Seshanba kuni kechqurun taʼlim vaziri Jeffre ijtimoiy tarmoqdagi postida shunday dedi: «Namoyish qilish huquqi asosiy erkinlik boʻlib, u bunday harakatlar uchun bahona boʻla olmaydi.

Ularni qonuniylashtirish yoki ushbu sharoitda toʻsiqlarni kengaytirishga chaqirish oʻquvchilarimiz va davlat xizmatchilarini xavf ostiga qoʻyishdir. Bu masʼuliyatsizlikdir».

Buyuk Britaniyadagi kollejlar yoki AQShdagi yuqori sinflarga teng keladigan Frantsiya litseylaridagi harakat oʻtgan haftada Parij atrofidagi Il-de-Frans mintaqasida boshlangan edi.

Dushanba kuni Frantsiya Bosh vaziri Sebastyan Lekornyu 164 kishi hibsga olinganidan keyin oʻquvchilar norozilik namoyishlarining har qanday kuchayishi «masʼuliyatsizlik» boʻlishidan ogohlantirdi.

X tarmogʻidagi postida Lekornyu namoyishlarda qayd etilgan hodisalarga toʻxtalib, shunday dedi: «Litseylar yaqinidagi pirotexnika vositalari, yongʻinlar, zoʻravonliklar: hech narsa oʻquvchilar, xodimlar yoki politsiya xodimlarini xavf ostiga qoʻyishni oqlay olmaydi».

Seshanba kungi oʻquvchilar namoyishlari oʻqituvchilar, shifoxona xodimlari va davlat xizmatchilari manfaatlarini ifodolovchi kasaba uyushmalarining kam ish haqi va mehnat sharoitlariga norozilik sifatida butun mamlakat boʻylab oʻtkazgan ish tashlashlari bilan bir vaqtda boʻlib oʻtdi.

Nunyesning soʻzlariga koʻra, kamida 200 000 kishi ishtirok etgani aytilgan ushbu norozilik namoyishlari asosan tinch oʻtgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.