Frantsiya janubiga yopirilgan boʻron va suv toshqini oqibatida kamida toʻrt kishi halok boʻldi
Halok boʻlganlar orasida Bush-dyu-Ron hududidagi yertoʻlada choʻkib ketgan holda topilgan ikki ayol ham bor.

«Adam» boʻroni keltirib chiqargan suv toshqinlari oqibatida Frantsiyada kamida toʻrt kishi halok boʻldi va yana bir kishi jarohatlandi.
Seshanba kuni boʻron Frantsiya janubida keng koʻlamli suv toshqinlarini keltirib chiqardi, koʻchalarni suv bosdi va transport harakatini izdan chiqardi.
Halok boʻlganlar orasida Bush-dyu-Ron mintaqasidagi yertoʻlada choʻkib ketgan holda topilgan 86 va 26 yoshli ikki ayol bor.
Korsikaga ham kuchli noqulay ob-havo taʼsir koʻrsatdi. Mahalliy OAVning xabar berishicha, seshanba kuni toshqin suvlari 4x4 avtomobilini oqizib ketgan — yoʻlovchilardan biri oyna orqali chiqishga muvaffaq boʻlgan, ammo boshqa bir erkak keyinroq oʻlik holda topilgan.
Rasmiylar toʻrtinchi oʻlim holati haqida qoʻshimcha maʼlumot bermadi.
Monpelye va Marsel oʻrtasida joylashgan Murye va Sen-Marten-de-Kraoda suv toshqinidan soʻng oʻnlab aholi favqulodda boshpanalarga joylashtirildi. Rasmiylar ushbu hududda bir kishi tan jarohati olganini maʼlum qildi.
Transport vaziri Filipp Tabaro X tarmogʻida ushbu hududdagi yoʻllar va temir yoʻl tarmoqlariga ham zarar yetganini yozdi.
«Suv darajasi misli koʻrilmagan darajada koʻtarildi», — dedi Bush-dyu-Ron departamenti prefekti Jak Vitkovski chorshanba kuni bergan bayonotida.
Vitkovski «qiyin ahvolda qolganlarning barchasi haqida qaygʻurayotganini» aytdi va qoʻshimcha qildi: «Biz bir nechta muammolarni hal qilish uchun favqulodda darajada safarbar qilinganmiz».
Frantsiyada yanada kuchli noqulay ob-havo kutilmoqda, Atlantikadan kirib kelayotgan yangi «Ostin» boʻroni mamlakatning shimoli-gʻarbiga yetib borishi prognoz qilinmoqda.
Frantsiya ob-havo xizmati (Météo-France) payshanba oqshomidan jumaga oʻtar kechasi Gʻarbiy departamentlarning beshtasi uchun shamol boʻyicha zargʻaldoq (oranj) darajali xavf eʼlon qildi.
Ogohlantirish Kot-d’Armor, Finister, Morbian, Il va Vilen hamda Mansh hududlarini qamrab oladi.
19 oktyabrdan boshlangan kuchli yogʻingarchilik Frantsiya janubi-sharqida yirik suv toshqinlariga sabab boʻldi.
«Adam» boʻroni Ispaniya sharqida ham kuchli suv toshqinlarini keltirib chiqargan edi, u yerda kamida toʻrt kishi halok boʻldi.
Oʻrta yer dengizi sohilidagi bir nechta shaharlar toshqin suvlari tufayli tashqi dunyodan uzilib qoldi, tomlarda qolib ketgan odamlarni qutqarish uchun vertolyotlardan foydalanildi.
Dushanba kuni oʻtkazilgan qutqaruv operatsiyalari chogʻida Favqulodda vaziyatlar harbiy boʻlinmasi aʼzolari Valensiyaning Oliva shahrida bir ayolning jasadini topdilar.
Dam olish kunlarida yana ikki ayolning oʻlimi tasdiqlandi. Bir ayolning jasadi Valensiyaning sharqiy mintaqasidagi Sagunto plyajiga chiqib qolgan, boshqasi esa Barselona yaqinidagi Kabrera-de-Marda toshqin suvlari tomonidan oqizib ketilgan.
Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches seshanba kuni Valensiya mintaqasiga tashrifi chogʻida milliy hukumat qayta tiklash ishlarini qoʻllab-quvvatlash uchun resurslar ajratishini vaʼda qildi.
Seshanba kuni Valensiya hukumati «Adam» boʻronidan jabr koʻrganlar uchun 23,5 million yevro (20 million funt sterling) miqdoridagi yordam paketini tasdiqladi.

