Fransiyalik o‘g‘rilar Avstraliyadagi uyni sun’iy intellekt yordamida o‘marib ketdi

Fransiyalik o‘g‘rilar Avstraliyadagi uyni sun’iy intellekt yordamida o‘marib ketdi
Fransiyalik o‘g‘rilar Kanberrada hashamatli buyumlar saqlanadigan uyni sun’iy intellekt orqali topgan.
O‘g‘rilik 2025-yil oktyabrida yuz bergan. O‘sha paytda to‘rt nafar bosqinchi derazani sindirib, uydan dizaynerlik taqinchoqlari, sumkalar va soatlarni olib ketgan. Bir necha kundan keyin ular Sidney shahridagi fastfud restoranida qo‘lga olingan.
Ayblov qo‘yilgan shaxslar Fransiya fuqarolari ekani ma’lum bo‘lgan. Ular aybini to‘liq tan olgan, ammo himoyachilari yetkazilgan zarar miqdoriga qarshi chiqmoqda.
Dekabr oyida, ayblovlar e’lon qilingach, o‘g‘irlangan buyumlarning bir qismi qisqa muddatli ijaraga berilgan uydan topilgan. Yo‘qolgan narsalar orasida egalari taxminan 5 million dollarga baholagan Richard Mille RM88 Smiley soati ham bor edi.
Oliy sudda o‘g‘irlangan buyumlar qiymati 10 million dollardan 2 million dollargacha tushirilgan.
“Ayblov (qaytarilmagan) buyumlarning haqiqiyligini har qanday asosli shubhalarsiz isbotlay olmayapti. Jabrlanuvchilar bu buyumlarning asl ekanini tasdiqlovchi kvitansiyalar, xaridni tasdiqlovchi hujjat, tranzaksiya yozuvlari yoki sertifikatlar kabi hech qanday dalil taqdim eta olmadi”, deyiladi bayonotda.
Ish hujjatlariga ko‘ra, jabrlanuvchi ijtimoiy tarmoqlarga o‘g‘irlangan buyumlar aks etgan suratlarni joylagan.
Joylashuvni aniqlash uchun o‘g‘rilar sun’iy intellektdan foydalangan.
Neyrotarmoq gullayotgan olcha daraxti Kanberrada joylashganini aniqlashga yordam bergan. O‘g‘rilar esa ChatGPT’dan foydalangan va u hovuz hamda tennis korti aks etgan orqa hovli surati orqali manzilni topgan.

