Fransiyadagi namoyişlar: inqirozning sabablari nima, oqibatlar-çi?
Sönggi haftalarda Fransiyada ommaviy namoyişlar bölib ötmoqda. Fransiya – Yevropa Ittifoqining muhim davlatlaridan biri. Fransiyadagi vaziyat, hokimiyatga kimlar kelişi – mintaqa taqdiriga taʼsir qiluvçi omillardan biri hisoblanadi.

Fransiyadagi namoyishlar: inqirozning sabablari nima, oqibatlar-chi?
Bu namoyishlar noyabr oyi boshida litsey o‘quvchilarining kichik aksiyalaridan boshlangan, o‘tgan haftalar davomida kengayib, umummilliy tus oldi. Bugungi kunda Parij, Marsel va Lion shaharlarida vaziyat izdan chiqqan. Limoj shahridagi ratuşa binosi yoqib yuborildi. Minglab do‘konlar talon-toroj qilinmoqda, ko‘chalarda avtomobillarga o‘t qo‘yilmoqda, 2400 dan ortiq namoyishchi hibsga olingan.
O‘tgan namoyishlardan farqli o‘laroq, bu safargi aksiyalar davlat institutlari va ramzlariga ham qarshi qaratildi. Shu sababli bugungi namoyishlarni radikal, buzg‘unchi unsurlar bilan to‘lib-toshgan namoyishlar deyish mumkin.
Yarim yildan keyin, 2027-yil aprel oyida Fransiyada prezidentlik saylovlari bo‘lishi kerak. Makronning vakolatlari muddati tugamoqda. Uning o‘zi esa namoyishlar fonida muddatidan oldin iste’fo berish niyatida emas.
Bu namoyishlar bo‘lajak prezidentlik saylovlariga jiddiy ta’sir qiladi. Siyosiy maydonda ashaddiy o‘nglar va ashaddiy so‘llar har doimgidan ham ko‘ra kattaroq ta’sirga ega. Ashaddiy o‘nglar, ya’ni millatchilar yetakchisi Marin Le Pen shunday bayonot berdi: «Fransiyaga qattiqqo‘l prezident kerak. Men prezident bo‘lsam, bunday namoyishlar bo‘lmaydi. Politsiyani kuchaytiraman, ko‘paytiraman, tartib kuchayadi».
Ashaddiy so‘llar, ya’ni tenglik tarafdori bo‘lgan «Bo‘ysunmas Fransiya» partiyasi yetakchisi Jan-Lyuk Melanşon namoyishchilarni qo‘llab kelmoqda, u politsiyachilarni ortiqcha tajovuzkorlik ko‘rsatishda ayblagan. Namoyishlarni to‘xtatmaslikka, shu bilan birga, zo‘ravonliklarni, do‘konlarni talashni bas qilishga chaqirgan.
So‘rovnomalarga ko‘ra, fransuzlarning 35 foizi Marin Le Penga ovoz berish niyatida. Saylov arafasida bu ko‘rsatkich yanada ortishi mumkin. Prezidentlik saylovlarida nomzodlarning birortasi birinchi turning o‘zidayoq 50 foizdan ko‘proq ovoz olishi dargumon. Marin Le Pen esa ikkinchi turga o‘tsa, prezidentlik uchun imkoniyati ortib ketadi. Fransiyada hokimiyatga ashaddiy o‘nglar, islomofoblar kelishi esa Yevropa Ittifoqi siyosatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.
Namoyishlarni litsey o‘quvchilari boshlab bergan bo‘lsa-da, bugun tashabbus boshqalarning qo‘lida. Bu namoyishlarning bayroqdori – qora bloklar. Qora blok vakillari – yuzlarini qora lattalar bilan yopib olgan, asosan yoshlar. Ular orasida sariq nimçalilar ham, afrikaliklar, arablar, ishsizlar, mahalliy fransuzlar ham serob. Qora blok – bu guruh yoki harakat emas, balki metod: maksimal zarar yetkazish, buzg‘unchilik qilish. Shu yo‘l bilan o‘z ijtimoiy va siyosiy noroziliklarini bildirishga intilishadi.
Ayni paytda, bu namoyishlar zamirida ikkita yirik omil mavjud.
Birinchisi, Fransiyada o‘n yillar davomida to‘planib qolgan ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy noroziliklar. Hayot qimmatlashib bormoqda, narxlarga nisbatan maosh o‘sishi ancha past. Ijara, o‘qish va yashash narxi qimmat. Davlat esa ijtimoiy dasturlarni qisqartirish bilan band. Chunki Fransiya byudjetini muvozanatga solish uchun hukumat kamida 54 milliard yevroni tejashi kerak bo‘ladi. Bu esa pensiya va ijtimoiy himoya bilan bog‘liq noroziliklarni yanada oshiradi.

