FQB Binance’ga hujumda Shimoliy Koreyani rasman aybladi, Tramp esa shubha bildirdi
29-oktyabr kuni hakerlar Binance’dan 6,3 mlrd dollar o‘marib, tarixdagi eng yirik kriptovalyuta o‘g‘riligini sodir etgandi. Kompaniya hozirga kelib mablag‘larning 95 foizi o‘rnini to‘ldirdi.

FQB Binance’ga qilingan hujum uchun Shimoliy Koreyani rasman aybladi, Tramp esa shubha bildirdi
AQSH Federal tergov byurosi (FQB) Binance kriptovalyuta birjasidan 6,3 milliard dollar o‘g‘irlanishi bo‘yicha javobgarlikni rasman Shimoliy Koreya hakerlari zimmasiga yukladi. Bundan oldin TRM Labs tahlil kompaniyasi hujum ortida shimoliy koreyalik hakerlar bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan edi.
31-oktyabr kuni e’lon qilingan FQBning rasmiy bayonotida hujum uchun TraderTraitor nomi bilan tanilgan Shimoliy Koreya hakerlari mas’ul ekani qayd etildi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, hakerlar o‘g‘irlangan pullarni Ethereum kriptovalyutasiga aylantirishni boshlagan. Ular shu tariqa mablag‘lar manbasini yashirishga urinmoqda.
FQB AQSH Maxfiy xizmati va Soliq xizmatining jinoiy tergov bo‘limi bilan birga kriptovalyuta platformalarini hakerlarga aloqador tranzaksiyalarni bloklashga chaqirdi.
AQSH prezidenti Donald Tramp Shimoliy Koreyaning hujumga aloqadorligiga shubha bildirdi.
31-oktyabr kuni jurnalistlar savoliga javob bergan Tramp AQSH hozircha hujum ortida Shimoliy Koreya turganiga ishonch hosil qilmaganini aytdi.
“Bu Shimoliy Koreya ekanini bilmaymiz. Ammo shunday bo‘lsa, bu masalani KXDR bilan muhokama qilamiz”, dedi u.
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Binance o‘g‘irlangan mablag‘larning 95 foizini qoplagan. Kompaniya vaqtincha to‘xtatilgan kriptovalyuta yechib olish xizmatlarini ham bosqichma-bosqich tiklamoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil fevralida ham FQB Shimoliy Koreyaning TraderTraitor hakerlar guruhini Bybit kriptovalyuta birjasidan 1,5 milliard dollar o‘g‘irlashda ayblagan edi.

