Formula-1 chempioni Lando Norris “Maklaren” bilan shartnomasini uzaytirdi

"Formula-1" chempioni Lando Norris "Maklaren" bilan shartnomasini uzaytirdi.
Britaniyalik poygachi Lando Norris "Formula-1" Jahon chempionatida ishtirok etuvchi "Maklaren" jamoasi bilan yangi shartnoma imzoladi. Bu haqda jamoaning matbuot xizmati ma'lum qildi. Yangi kelishuv 2030-yil oxirigacha amal qiladi.
Norris o'z fikrlarini quyidagicha bildirdi: "Bu mening uyim va yangi shartnoma imzolaganimdan juda xursandman. To'qqiz yil avval bu yo'lni boshlaganimda, oldimga aniq maqsadlar qo'ygandim: jamoani yana yetakchi o'rinlarga qaytarish va chempionliklarni qo'lga kiritish. Biz bu maqsadga erishdik, biroq endi ko'proq narsani xohlaymiz. G'alaba qozonishda davom etmoqchimiz va jamoa sifatida bunga qodir ekanimizni bilamiz. Rulga qaytishni sabrsizlik bilan kutyapman. Mavsumning qolgan qismida ham, kelgusi yillarda ham bizni nimalar kutayotgani meni juda quvontirmoqda."
26 yoshli Norris 2017-yilda "Maklaren"ning yosh iqtidorlarni rivojlantirish dasturiga qo'shilgan. U "Formula-1" chempionatida 2019-yildan beri ishtirok etib kelmoqda. Britaniyalik pilot hisobida 13 ta g'alaba, 18 ta poul va 48 ta podium natijasi mavjud. Norris 2025-yilda ilk bor "Formula-1" bo'yicha Jahon chempioniga aylangan.
Joriy mavsumda Norris 12 ta bosqich yakunlariga ko'ra 159 ochko jamg'argan holda pilotlar reytingida to'rtinchi o'rinda bormoqda.

