Mahalliy

«Foizlar ortidan odamlarni yoʻqotdik». Bosh vazir oʻrinbosari — kambagʻallikni qisqartirishga yangicha yondashuv haqida

Oʻzbekistonda rasmiylar kambagʻallikni asosan foizlar boʻyicha baholashdan har bir kam taʼminlangan oila bilan manzilli ishlashga oʻtishni niyat qilmoqda. Jamshid Qoʻchqorovning maʼlum qilishicha, prezident «foizlarga yopishib qolmaslikka» va statistika ortida aniq odamlarni, ularning bandligi, daromadlari va bolalarning ahvolini koʻrishga chaqirgan.

«Foizlar ortidan odamlarni yoʻqotib qoʻydik». Bosh vazir oʻrinbosari — kambagʻallikni qisqartirishga yangicha yondashuv haqida

Oʻzbekistonda kambagʻallikni qisqartirishga yondashuvni yanada manzilli qilish rejalashtirilmoqda: rasmiylar nafaqat statistikaga tayanishi, balki har bir muhtoj oila va uning har bir aʼzosining ahvolidan xabardor boʻlishi kerak. Bu haqda bosh vazir oʻrinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov 25 avgust kuni Qonunchilik palatasi yigʻilishida maʼlum qildi.

Yigʻilishda hukumatning «Oʻzbekiston — 2030» strategiyasini amalga oshirish boʻyicha davlat dasturining birinchi yarim yillikdagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisoboti koʻrib chiqildi.

Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri Botir Zohidovning maʼlum qilishicha, dastlabki olti oyda daromadlarni oshirish boʻyicha turli vositalar bilan 294 ming kam taʼminlangan oila qamrab olingan, vaholanki dastlabki reja 129 mingtani tashkil etgan edi.

Uning soʻzlariga koʻra, bunday oilalarning 105 ming aʼzosi doimiy ish bilan taʼminlandi, 25 mingga yaqini tadbirkorlikka jalb qilish xizmatlari bilan qamrab olindi, yana 12 ming kishi kasb-hunarga oʻqitildi. Rasmiy daromadlarning oʻsishi hisobiga yil boshidan buyon 275 ming oila ijtimoiy reyestrdan chiqarildi.

Ushbu maʼlumotlarga izoh berar ekan, Jamshid Qoʻchqorov prezident Shavkat Mirziyoyev kambagʻallikka qarshi kurash natijalarini baholash yondashuvini oʻzgartirishni talab qilganini aytdi.

«Men oʻz maʼruzamda aytdim: [kambagʻallik darajasi] 5 foizdan 4,5 foizga tushdi. Lekin muhtaram prezidentimiz masalani jiddiyroq qoʻydilar: foizlarga yopishib olmanglar, bu foizlar ortidan odamlarni koʻzdan qochirdinglar», — dedi Qoʻchqorov.

U Xorazm viloyatini misol qilib keltirdi. Bosh vazir oʻrinbosarining soʻzlariga koʻra, garchi hududda kambagʻallik darajasi foiz hisobida nisbatan past koʻrinsa-da, baribir gap taxminan 81 ming kishi haqida bormoqda.

«81 ming kishi — bular kimligini bilasizlarmi? Sizlar aytayotgan oʻsha individual rejalar orqali ularga qanday yordam koʻrsatilyapti?» — deya prezident tomonidan qoʻyilgan savollarni yetkazdi Qoʻchqorov.

Shundan soʻng, vazirning soʻzlariga koʻra, iqtisodiy blok vakillari, jumladan, bandlik vaziri va Markaziy bank rahbariyati joylarga chiqib, alohida oilalar ahvolini oʻrgangan. Xususan, Xorazm viloyati tumanlaridan biridagi toʻrtta mahallada uy xoʻjaliklari xatlovdan oʻtkazilgan.

Oʻrganish natijalariga koʻra, viloyatdagi kambagʻal aholi toifasiga kiritilgan taxminan 81 ming aholidan 59 mingga yaqini bevosita bandlikka jalb etib boʻlmaydigan odamlar toifasiga kirishi aniqlandi. Ular orasida maktabgacha va maktab yoshidagi bolalar, talabalar, uch yoshgacha bolasi boʻlgan ayollar va pensiya yoshidagi shaxslar bor.

Qoʻchqorovning soʻzlariga koʻra, 22 mingga yaqin kishi mehnatga layoqatli hisoblanadi. «Ular Bandlik vazirligining bevosita „mijozlari“ hisoblanadi, ular bilan ishlash kerak», — dedi Qoʻchqorov.

Ularning 12 mingga yaqini ishsizlardir. Fuqarolarning bir qismi ishlaydi yoki oʻzini oʻzi band qilgan, biroq oilaning bir aʼzosiga toʻgʻri keladigan daromad minimal isteʼmol xarajatlaridan pastligicha qolmoqda, shu sababli oila kam taʼminlangan sifatida hisobga olinishda davom etmoqda.

Qoʻchqorov endigi vazifa viloyat, tuman yoki mahalla boʻyicha umumiy koʻrsatkichlar bilan cheklanib qolmay, har bir oila va uning har bir aʼzosining ahvolini tahlil qilishdan iborat ekanini taʼkidladi.

«Foizlarga yopishib olish kerak emas. Har bir viloyat, har bir tuman va har bir mahallada har bir kambagʻal oilani aniq bilish kerak», — dedi u qoʻyilgan vazifalarni bayon qilar ekan.

Uning soʻzlariga koʻra, individual rejada nafaqat kattalarning bandligi hisobga olinishi kerak. Agar oilada bola boʻlsa, u qanday oʻqiyotganini, sport toʻgaragi yoki qoʻshimcha darslarga borayotganini va boshqa bolalar uchun mavjud boʻlgan imkoniyatlardan chetda qolib ketmayotganini tushunish lozim.

«Hozir oldimizga kambagʻallikni qisqartirish ishlarida manzilli mexanizmga oʻtish vazifasi qoʻyildi», — dedi Qoʻchqorov.

U hukumat bunday yondashuvga oʻtish uchun tayyorgarlik va tahliliy ishlarni olib borayotganini qayd etdi.

Bundan avval bosh vazir oʻrinbosari oʻz maʼruzasida hukumat maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonda kambagʻallik darajasi birinchi yarim yillikda 5 foizdan 4,5 foizga tushganini maʼlum qilgan edi. Ijtimoiy reyestrdagi 227 ming oilaga daromadlarini oshirishga qaratilgan 300 mingga yaqin xizmatlar koʻrsatildi.

Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikning yangi tizimi prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 3 sentyabr kuni Xorazm viloyatidagi vaziyat ikki hafta davomida oʻrganilib, u yerda 19 ming oiladan 81 ming nafar kam taʼminlangan aholining ahvoli tahlil qilinganidan soʻng taqdim etildi.

Tumanlar ixtiyoriga 3,2 trln soʻm yoʻnaltirish, hokimlar rahbarligida shtablar tashkil etish va ularning imtiyozli kreditlash, subsidiyalar va foizsiz qarzlar berish boʻyicha vakolatlarini kengaytirish rejalashtirilgan. Hokimlar va iqtisodiy blok haftada uch kun kambagʻallik va bandlik masalalari bilan shugʻullanadi.

Shuningdek, rasmiylar kambagʻal oilalardagi bolalar, ayollar, pensionerlar va nogironligi boʻlgan shaxslar bilan manzilli ishlashni kuchaytirishni, biznesni moliyalashtirish shartlarini esa muayyan loyihalar va tarmoqlar xususiyatlariga moslashtirishni niyat qilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.