Sport

FIFA argentinalik futbolchilarga berilgan jazolarni yengillashtirdi

FIFA argentinalik futbolchilarga nisbatan qo‘llanilgan jazolarni yumshatdi.

Argentina futbol assotsiatsiyasi (AFA) 2026-yilgi Jahon chempionati finalidan keyin yuzaga kelgan janjalda ishtirok etgan jamoa a’zolariga berilgan jazolar yuzasidan FIFAga shikoyat bilan murojaat qilgan edi. Unda diskvalifikatsiya qilingan futbolchilarga jazoni faqat rasmiy turnirlarda emas, balki yaqinlashib kelayotgan "A" toifasidagi o‘rtoqlik uchrashuvlarida ham o‘tashga ruxsat berish so‘ralgan.

FIFA Tartib-intizom qo‘mitasi ushbu murojaatni ko‘rib chiqib, AFAning so‘rovini ma’qulladi. Bu shuni anglatadiki, diskvalifikatsiya qilingan futbolchilar o‘z jazolarini tezroq o‘tab, terma jamoa safiga qaytishlari mumkin bo‘ladi.

Shu bilan birga, Argentina futbol assotsiatsiyasi FIFAdan jazolar bo‘yicha to‘liq asoslantirilgan hujjatlarni kutmoqda. Shundan so‘ng ular tashkilotning Apellyatsiya qo‘mitasida e’tiroz bildirishni rejalashtirmoqda. Agar bu ham yordam bermasa, assotsiatsiya yuristlari Lozannadagi Sport arbitraj sudiga (CAS) murojaat qilishga tayyor.

Ma’lumot uchun, JCH-2026 finali yakunlanganidan so‘ng Argentina terma jamoasi yarimhimoyachisi Paredes Ispaniya futbolchilari bilan tortishib qolgan edi. FIFA qo‘mitasi argentinalik futbolchini uchta qoidabuzarlikda aybdor deb topib, unga 10 ta o‘yinga diskvalifikatsiya va 90 ming dollar jarima belgilagan edi.

Argentina terma jamoasining yana ikki futbolchisi ham jazoga tortilgan. Noel Molinaga 7 ta o‘yinlik chetlatish va 90 ming dollar jarima, Tiago Almadaga esa bir uchrashuvlik diskvalifikatsiya hamda 30 ming dollar miqdorida jarima belgilangan edi.

Mazkur mojaro 19-iyul kuni AQSHning Nyu-Jersi shtatidagi "Metlayf" stadionida bo‘lib o‘tgan JCH-2026 finalidan so‘ng yuz bergan. Unda Ispaniya qo‘shimcha vaqtda Ferran Torresning goli evaziga Argentina ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, Jahon chempioni bo‘lgan edi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.