JCH-2026 finalida mushtlashgan argentinaliklarning jazosi yengillashtirildi
FIFA JCH-2026 finalidagi mushtlashuv uchun Argentina milliy jamoasining toʻrt nafar vakilini diskvalifikatsiya qilgandi. Endi ular diskvalifikatsiyani nafaqat rasmiy, balki oʻrtoqlik oʻyinlarida ham oʻtashi mumkin.

**JCH-2026 finalida mushtlashgan argentinalik futbolchilarning jazosi yengillashtirildi**
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) Argentina futbol assotsiatsiyasining (AFA) JCH-2026 finalida mushtlashuv uyushtirgan argentinalik futbolchilarga nisbatan qoʻllangan sanksiyalarni oʻrtoqlik oʻyinlarida oʻtash mumkinligi haqidagi rasmiy soʻrovini maʼqulladi. Bu haqda AFA matbuot xizmati xabar berdi.
Avvalroq, 21-avgust kuni FIFA JCH-2026 final oʻyinidan keyingi mushtlashuv tufayli Argentina milliy jamoasining toʻrt nafar vakiliga nisbatan bir qator jazo choralarini qoʻllagandi. Unga koʻra, yarimhimoyachi Leandro Paredes oʻn oʻyinga diskvalifikatsiya qilinib, 90 ming dollar, himoyachi Nauel Molina yetti oʻyinga diskvalifikatsiya qilinib, 90 ming dollar, yarimhimoyachi Tiago Almada bir oʻyinga diskvalifikatsiya qilinib, 30 ming dollar, murabbiy Roberto Ayala esa uch oʻyinga diskvalifikatsiya qilinib, 30 ming dollar miqdorida jarimaga tortilgan edi.
AFA JCH-2026 finali vaqtida oʻz futbolchilari va assotsiatsiyaning oʻziga nisbatan qoʻllangan sanksiyalar nafaqat rasmiy, balki oʻrtoqlik oʻyinlarida ham amal qilishi uchun FIFAga rasmiy soʻrov yuborgan.
«AFA tomonidan taqdim etilgan xatga asosan, FIFA Intizom qoʻmitasi amaldagi qoidalarga muvofiq ushbu soʻrov qanoatlantirilgan deb hisoblaydi», - deyiladi bayonotda.
JCH-2026 final oʻyinida ispaniyaliklar Argentina jamoasini 1:0 hisobida magʻlub etgan edi. Qoʻshimcha boʻlimlarda Ferran Torres (106-daqiqa) yagona golga mualliflik qildi.
Final hushtagi yangrashi bilan maydonda janjal kelib chiqqan. Dastlab Molina yonidan yugurib oʻtayotgan ispanlar sardori Rodriga zarba bergan. Shundan soʻng, Paredes ispaniyalik himoyachi Erik Garsiyaning boʻynidan boʻgʻib, keyin Gavini itarib yuborgan. Oʻyinchilarni jamoadoshlari ajratib qoʻyishgan. Argentina milliy jamoasi murabbiylar shtabi aʼzosi Ayala esa ispaniyalik yarimhimoyachi Dani Olmoga zarba berishga urungan.
Bundan tashqari, FIFA Intizom kodeksining toʻrtta moddasini buzgani uchun AFA 321 ming dollar jarimaga tortilgan: sport tadbiridan siyosiy namoyishlar uchun foydalanish (yarimfinaldan keyingi siyosiy banner), jamoaning nomaqbul xatti-harakati, muxlislar tomonidan kamsitish va irqchilik ruhidagi haqoratlar, shuningdek, oʻyinlar vaqtida tartib va xavfsizlikni buzish.

