Farzandingiz dars qilishni istamasa, qanday yo‘l tutish kerak?

Farzandingiz dars qilishni xohlamasa, nima qilish kerak?
Ko‘p hollarda bola uy vazifasini bajarishi uchun ota-onalar baqirishga, ko‘ndirishga va iltimos qilishga majbur bo‘ladi. Biroq bunday urinishlar faqat vaqtinchalik bo‘lib, noto‘g‘ri yondashuv hisoblanadi.
Farzandingiz olgan bahosi sabab munosabatingizni o‘zgartirmang, uni aka-opalari yoki boshqalar bilan taqqoslamang. Yaxshi baho olsa, maqtang, ammo yomon bahosi uchun koyimang. Aksincha, undan ham yaxshi natijaga erishishiga nima to‘sqinlik qilgani va qanday yordam kerak bo‘lgani bilan qiziqing. Eng muhimi, farzandingiz sizning mehringiz uning baholariga bog‘liq emasligini tushunsin. Shunda u yaxshi ko‘radigan insonlarini xafa qiladigan ishlarni qilmaslikka intiladi.
Farzandingizning alohida xonasi bo‘lmasa ham, uning o‘quv-qurollari turadigan va dars qilishi uchun kerakli stol-stuli bo‘lsin. Dars stoli qulay, yorug‘lik yetarli va sharoit yaxshi bo‘lsa, bola diqqatini jamlaydi va boshqa narsalarga chalg‘imaydi. Dars paytida uning ko‘zi tushadigan joyda televizor, telefon yoki o‘yinchoqlar bo‘lmasligiga ham e’tibor bering.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, tushki soat uchdan kechki oltigacha bo‘lgan vaqt bolalar uchun dars bajarishga eng qulay davr hisoblanadi. Maktabdan qaytgach, bola bir yarim soat dam olishi kerak. Ikkinchi smenada o‘qiydigan bolalar esa darslarini ertalab bajargani ma’qul. Uy vazifasini bajargandan 40 daqiqa o‘tib 15 daqiqalik tanaffus qilish kerak. Darsni kechga qoldirmasligini nazorat qiling, keyingi kun vazifalarini ham oldindan bajarib qo‘yishga undang.
Murakkab mavzular yoki tushunarsiz vazifalarni bolangizning o‘ziga yuklab qo‘ymang. Avval tushuntiring, o‘rgating, shundan keyingina mustaqil bajarishini ayting. Agar biror narsa yodingizdan chiqqan bo‘lsa, internetdagi ensiklopediya va manbalardan foydalaning. Ammo hech qachon farzandingiz o‘rniga uy vazifasini siz bajarmang.
Agar bolangiz maktab darslaridan tashqari to‘garak va qo‘shimcha mashg‘ulotlarni ham kechgacha bajarib yurayotgan bo‘lsa, o‘ylab ko‘ring: uning majburiyatlari yoshiga nisbatan haddan tashqari ko‘payib ketmaganmi? Dam olmaslik va zo‘riqish sabab bola maktab fanlarini o‘zlashtirishga ham kuch topolmayotgan bo‘lishi mumkin.
Darslarini tugatgach yoki biror mavzuni yaxshi o‘zlashtirgach, uni rag‘batlantirib turing. Ammo pul yoki konfet kabi narsalarga o‘rgatib qo‘ymang. Chunki bunga ko‘nikkan bola “pora” olmaguncha vazifa bajarmaydigan yoki bajarsa ham shirinlik uchun bajaradigan bo‘lib qoladi. Bu esa uning kelajakda shaxs sifatida shakllanishiga ham salbiy ta’sir qiladi va biror yumushni nimadir evaziga bajarish odatga aylanishi mumkin. Mustaqil dars qilgani va a’lo bahosi uchun maqtang, shu munosabat bilan tansiq taom yoki shirinlik pishirib, birgalikda ovqatlaning. Muvaffaqiyatidan oila a’zolari ham xursand ekanini bilish bolani o‘z ustida ishlashga va harakat qilishga undaydi.
Bolaning dars qilishni istamasligiga uning xatolari uchun sizning urishishingiz yoki asabiylashishingizni ko‘rishni xohlamasligi ham sabab bo‘lishi mumkin. U yozayotganida yoki mashqlarni bajarayotganida tepasida turmang, chunki birov kuzatib turganini bilib, hayajondan adashib ketishi mumkin.
Tasavvur qiling, siz ish bo‘yicha oylik hisobot yozyapsiz va boshlig‘ingiz sizni kuzatib turibdi, yozgan har bir narsangizga reaksiya bildiradi, bir raqamda adashsangiz ham baland ovozda koyiydi. Siz qanday ahvolga tushgan bo‘lardingiz? Siz-ku bunday holatda ishdan bo‘shab, boshqa adekvat rahbar bilan ishlay olasiz, bolada esa bunday imkoniyat yo‘q. Unutmang, bolaning xato qilishi tabiiy. Asosiysi, xatolarini takrorlamaslik va o‘rganishda. Atrof-olamni, hayotni endi o‘rganayotgan bolani xato qilishdan qo‘rqitib, uning o‘qishga qiziqishi so‘nishiga va harakat qilishni istamasligiga sababchi bo‘lib qolmang.

