Fargʻona vodiysi fermerlari iqlim oʻzgarishiga moslashish boʻyicha yechimlarni dala sharoitida sinovdan oʻtkazmoqdalar
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) iqlim oʻzgarishi sharoitida fermerlar va tomorqa yer egalarining barqaror qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi sohasidagi amaliy bilim va koʻnikmalarini mustahkamlash maqsadida Fargʻona vodiysida uchta dala fermerlik maktabini tashkil etdi. Dala fermerlik maktablari Andijon viloyatining Qoʻrgʻontepa tumanida, Namangan viloyatining Namangan tumanida va Fargʻona viloyatining Fargʻona tumanida faoliyat yuritmoqda. Har bir maktab […]

Fargʻona vodiysi fermerlari iqlim oʻzgarishiga moslashish boʻyicha yechimlarni amaliyotda sinab koʻrmoqdalar
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) iqlim oʻzgarishi sharoitida barqaror qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi sohasida fermerlar va tomorqa yer egalarining amaliy bilim va koʻnikmalarini kuchaytirish maqsadida Fargʻona vodiysida uchta fermerlar dala maktabini ochdi.
Fermerlar dala maktablari Andijon viloyatining Qoʻrgʻontepa tumani, Namangan viloyatining Namangan tumani va Fargʻona viloyatining Fargʻona tumanida faoliyat koʻrsatmoqda. Ularning har biri mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ehtiyojlari va muayyan hududning qishloq xoʻjaligi ixtisoslashuvini hisobga olgan holda tashkil etilgan. Andijon viloyatida oʻqitish kartoshka yetishtirishga bagʻishlangan, Namangan viloyatidagi maktab issiqxona xoʻjaligini resurs tejovchi usulda yuritishga yoʻnaltirilgan, Fargʻona viloyatidagi amaliy mashgʻulotlar esa malinachilikni rivojlantirishga qaratilgan.
Ushbu tashabbus FAOning Oʻzbekistondagi Vakolatxonasi tomonidan Toshkent davlat agrar universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan «Fargʻona vodiysida qishloq xoʻjaligini barqaror rivojlantirish uchun Janub–Janub va uch tomonlama hamkorlik» (UNUN/SEC/028/UND) mintaqaviy loyihasi doirasida hayotga tatbiq etilmoqda. Loyiha Fargʻona vodiysida joylashgan Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston hududlarini birlashtiradi.
Fermerlar dala maktablarida ishtirokchilar shunchaki tayyor tavsiyalar bilan tanishib qolmaydilar. Butun qishloq xoʻjaligi mavsumi davomida ular daladagi ekinlarni bevosita kuzatib boradilar, mutaxassislar bilan birgalikda yuzaga kelayotgan muammolarni tahlil qiladilar, turli yechimlarni sinab koʻradilar va olingan natijalar asosida mustaqil qaror qabul qilishni oʻrganadilar. Bunday format nazariy bilimlarni mahalliy tuproq, iqlim va ishlab chiqarish sharoitlariga moslashtirishga yordam beradi.
«Fermerlar dala maktabining asosiy afzalligi shundaki, bu yerda fermer shunchaki tinglovchi emas, balki oʻquv jarayonining faol ishtirokchisiga aylanadi. U ekinni kuzatadi, muammolarning sabablarini tahlil qiladi, yechimlarni sinab koʻradi va oʻz xoʻjaligi uchun eng maqbul variantni tanlaydi. Bu yangi bilimlarni amaliyotda tezroq qoʻllashga xizmat qiladi», — deb taʼkidladi loyiha koordinatori Muhammadjon Qosimov.
Qoʻrgʻontepa tumanidagi fermerlar dala maktabida ishtirokchilar kartoshkani oziqlantirish va parvarish qilish, tuproqqa ishlov berish, oʻsimliklarning oʻsish bosqichlarini kuzatish, shuningdek, kasallik va zararkunandalardan integratsiyalashgan himoya qilish masalalarini oʻrgandilar. Mashgʻulotlar davomida fermerlar oʻz dalalarida duch kelayotgan muammolarni ham muhokama qildilar. Xususan, ayrim urugʻlik kartoshka tuganaklarining yetarlicha unmasligi holatlari koʻrib chiqildi, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan sabablar tahlil qilindi va kelgusi agrotexnik tadbirlar boʻyicha tavsiyalar berildi.
«Ilgari ekinlarda muammo yuzaga kelganda, koʻpincha uning aniq sababini bilmay turib chora koʻrardik. Dala maktabida biz oʻsimliklarning holatini kuzatishni, tuproq sharoiti va oziqlanishini tahlil qilishni va shundan keyingina qaror qabul qilishni oʻrganmoqdamiz. Eng muhimi — biz tavsiyalarni oʻz tomorqalarimizda sinab koʻrishimiz va natijalarni bevosita koʻrishimiz mumkin», — dedi Qoʻrgʻontepa tumani «Navbahor» mahalla fuqarolar yigʻini raisi Z. Saydaliyev.
Namangan tumanining «Beshkapa» mahallasida tashkil etilgan fermerlar dala maktabida ishtirokchilar issiqxona va parniklarni mavsumiy ekishga tayyorlash, tuproqqa qoʻyiladigan talablar, dezinfektsiya ishlarini olib borish va ekinlarni toʻgʻri joylashtirish masalalarini oʻrgandilar. Havo va tuproq harorati, shuningdek, namlik darajasi kabi muhim koʻrsatkichlarni muntazam kuzatib borish va hisobga olishga alohida eʼtibor qaratildi. Ushbu maʼlumotlar ishlab chiqaruvchilarga suv, oʻgʻit va boshqa resurslardan oqilona foydalanish hamda ekinlarni parvarish qilish boʻyicha oʻz vaqtida qaror qabul qilishga yordam beradi.
Fargʻona tumanining «Sanoat» mahallasidagi AL-VODILIY malinachilik klasterida oʻtkazilgan mashgʻulotlar malina yetishtirishning asosiy bosqichlarini qamrab oldi. Ishtirokchilar oʻsimliklarning ozuqa moddalariga boʻlgan ehtiyojini aniqlash, oʻgʻitlarni toʻgʻri qoʻllash, butalarni shakllantirish va butash, shuningdek, kasallik va zararkunandalarni muntazam monitoring qilish boʻyicha amaliy tavsiyalar oldilar. Mutaxassislar, shuningdek, zararkunandalarga qarshi kurashishning biologik, fizik va kimyoviy usullarini uygʻunlashtirish tamoyillarini tushuntirib berdilar.
Fermerlar dala maktablaridagi oʻqitish bir martalik mashgʻulotlar bilan cheklanib qolmaydi. Ekishdan tortib hosilni yigʻib olgunga qadar boʻlgan davrda — «urugʻdan urugʻgacha» yondashuvi doirasida — ishtirokchilar ekinlarni kuzatishda, oʻzgarishlarni qayd etishda, natijalarni solishtirishda va yangi usullarni sinab koʻrishda davom etadilar. Bu jarayon, shuningdek, fermerlar, olimlar va qishloq xoʻjaligi mutaxassislari oʻrtasida muntazam tajriba almashish uchun maydon yaratadi.
Bunday yondashuv fermerlarga iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq xavf-xatarlarga yaxshiroq tayyorgarlik koʻrish, yer, suv va boshqa ishlab chiqarish resurslaridan samarali foydalanish hamda mahalliy sharoitlarga mos keladigan yechimlarni tanlashga yordam beradi. Fermerlar dala maktablarida toʻplangan amaliy tajriba Fargʻona vodiysining boshqa tumanlarida ham iqlimga moslashgan va barqaror qishloq xoʻjaligi amaliyotlarini kengroq joriy etishga xizmat qilishi mumkin.

