Farg‘onada hokim yordamchisidan 600 dollar va 17 mln so‘m undirgan sobiq bo‘lim boshlig‘i ushlandi

Farg‘onada hokim yordamchisidan 600 dollar va 17 million so‘m undirgan sobiq bo‘lim boshlig‘i qo‘lga olindi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Departamentning Marg‘ilon shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Toshloq tumani kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limining sobiq boshlig‘i M.B. "Konizar" MFY hokim yordamchisi I.K.ga ajratilgan imtiyozli kreditlarning maqsadli sarflanishini o‘rganish bahonasida noqonuniy tekshiruv o‘tkazgani aniqlangan.
Sobiq rahbar aniqlangan kamchiliklar yuzasidan chora ko‘rmaslik evaziga hokim yordamchisidan 600 dollar olgan. Shuningdek, u mansab vakolatini suiiste’mol qilib, turli bahonalar bilan 17 million so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan. Ushbu pullardan 10 million so‘mning qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijonda bog‘cha litsenziyasi uchun 10 ming dollar so‘ragan shaxs, Namanganda esa sobiq bank rahbari fuqarodan 20 ming dollar olayotganida qo‘lga olingan edi.

