Namanganda sobiq bank rahbari fuqarodan 20 ming dollar olayotganda ushlandi

Namanganda sobiq bank boshqaruvchisi fuqarodan 20 ming dollar pora olayotganida qo‘lga olindi. U yer maydonining hujjatlarini rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati ma’lum qildi.
Departamentning Namangan viloyati boshqarmasiga Yangi Namangan tumanida yashovchi fuqaro murojaat qilgan. Arizachining so‘zlariga ko‘ra, “Sanoat qurilish bank” Namangan viloyati filialining sobiq boshqaruvchisi unga Norin tumanida joylashgan, viloyat nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi balansidagi yer maydonini sotishni taklif qilgan. Ushbu yer maydoni baliqchilikni rivojlantirish uchun ijara asosida foydalanishga berilishi rejalashtirilgan. Sobiq bank rahbari o‘z tanishlari orqali yerning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berishini aytgan. Buning evaziga u fuqarodan 29 ming dollar talab qilib, 20 ming dollarni oldindan berishni so‘ragan.
Fuqaroning arizasiga asosan, joriy yilning 30-iyul kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi. Tadbir davomida sobiq bank rahbari Davlatobod tumanidagi ko‘p qavatli uylar oldida arizachidan kimyoviy ishlov berilgan 20 ming dollarni olayotgan vaqtida ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Andijonda davlat zaxirasidagi 24 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali 39 ming dollarga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan ikki shaxs ushlangani haqida xabar berilgan edi. Ulardan biri 25 ming dollarni olayotgan vaqtida qo‘lga tushgan.
Shuningdek, iyul oyida Toshkentda kadastr bosh inspektori pora bilan ushlangani, Andijonda esa yer maydonini noqonuniy sotish bilan bog‘liq yana bir holat aniqlangani ma’lum qilingan edi. Joriy yilning 15-iyul kuni Toshkentda davlat tashkiloti balansidagi yer uchastkasini ijaraga berish bo‘yicha shartnomani rasmiylashtirib, ijara to‘lovini kamaytirib berishni va’da qilgan mansabdor shaxs 15 ming dollar olayotgan vaqtida ushlangan edi.

