Fargʻonada uchta bogʻcha tarbiyalanuvchilarining ommaviy kasallanishi surishtirilmoqda

Fargʻonada uchta bogʻcha tarbiyalanuvchilarining ommaviy kasallanishi holati yuzasidan surishtiruv oʻtkazilmoqda. Bolalarda yuqori harorat, qorin ogʻrigʻi, holsizlik, koʻngli aynishi va ich ketishi kuzatilgan.
Gap 2-sonli, 7-sonli va 47-sonli bogʻcha tarbiyalanuvchilari haqida bormoqda. Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 26 oktyabr ertalabki holatga koʻra viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida 28 nafar bola boʻlgan. Ularning ahvoli barqaror deb baholanmoqda, ogʻir bemorlar yoʻq.
Yana 23 nafar bola shifokorlar koʻrigidan soʻng tavsiyalar olib, uyda davolanish uchun javob berilgan. Ularning ahvoli qoniqarli deb topilgan.
Mutaxassislar bolalar nonushta, tushlik va ikkinchi nonushtada isteʼmol qilgan mahsulotlar va taomlarni tekshirmoqda, shuningdek, yetkazib beruvchilarni aniqladi. Namunalar bakteriologik tadqiqotlarga yuborilgan. Epidemiologik surishtiruv davom etmoqda, yakuniy sabablar hozircha maʼlum qilinmagan.
Oldinroq Toshkent viloyatidagi bogʻchaning uch yoshli tarbiyalanuvchisi hasharotlarga qarshi vositani ichib yuborgach vafot etgan edi.

