Fargʻonada 144 million soʻmlik kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari partiyasi musodara qilindi

Fargʻonada 144 million soʻmlik koʻp miqdordagi kuchli taʼsir qiluvchi «Regapen» preparati musodara qilindi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmatining xabar berishicha, tezkor tadbir Fargʻona shahar boʻlimi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda oʻtkazilgan. «Beshbola» mahallasida yashovchi fuqaroning xonadoni koʻzdan kechirilganda 1 120 quti preparat borligi aniqlangan.
Musodara qilingan dori vositasi ishga ashyoviy dalil sifatida qoʻshilgan. Kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni qonunga xilof ravishda saqlash fakti boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Bundan avval Qoʻqonda koʻp miqdordagi giyohvandlik vositalari va kuchli taʼsir qiluvchi preparatlar kontrandasining oldi olingan edi. Qoʻlga olingan shaxsdan 2,4 kilogramm gashish va 5,6 ming dona «Regapen» tabletkasi musodara qilingan.

