Fargʻona Xitoy bilan hamkorlikda qishloq xoʻjaligi dronlarini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda
Jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilingan hukumat qarori loyihasiga koʻra, Xitoy investori va Fargʻona davlat texnika universiteti hamkorligida Fargʻona viloyatida dronlar ishlab chiqarish texnologiyalari parkini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Fargʻonada qishloq xoʻjaligi dronlarini ishlab chiqarish boʻyicha Xitoy bilan hamkorlikda qoʻshma korxona tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Viloyat hokimligi «Eko shahar» majmuasining sanoat zonasidagi 1 gektarlik yer maydonida «FarPI Aeroinjiniring» texnoparkini tashkil etish taklifini ilgari surdi. Ushbu maydon Fargʻona davlat texnika universiteti qoshida faoliyat yuritadi.
Texnopark universitet va xitoylik investor tomonidan birgalikda taʼsis etiladigan «Hongsheng Texnologik Rivojlantirish» kompaniyasi tomonidan boshqariladi.
Korxonada qishloq xoʻjaligi dronlari va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarish, shuningdek, sinovdan oʻtkazish, sotish, saqlash, texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash xizmatlarini yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan. Bundan tashqari, u yerda dron operatorlari tayyorlanadi, ularning malakasi oshiriladi va qayta tayyorlanadi hamda operatorlarni sertifikatlash amalga oshiriladi.
Qaror loyihasiga koʻra, kompaniyaga yuridik shaxs boʻlgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga agrotexnik xizmatlar koʻrsatish huquqi ham berilishi mumkin. Uning dronlaridan ekinlarni monitoring qilish, mineral oʻgʻitlar sepish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini qoʻllashda foydalaniladi.
Dronlarning maksimal parvoz balandligi 30 metrni tashkil etadi va ularni faqat sertifikatlangan pilotlar boshqarishi mumkin boʻladi.
Texnopark tarkibida qishloq xoʻjaligi dronlarini ishlab chiqarish, sotish va saqlash joylari, ilmiy-tadqiqot markazlari, operatorlarni tayyorlash maskanlari, sinov maydonchalari va laboratoriyalar, shuningdek, logistika va servis obʼyektlari boʻlishi kutilmoqda.
Hujjat loyihasi 9 oktyabrga qadar jamoatchilik muhokamasi uchun ochiq boʻladi.

