Fargʻona viloyati va Koyan viloyatlararo hamkorlikni kengaytiradi
Fargʻona viloyati va Koyan shahri iqtisodiy, investitsiyaviy va taʼlim sohalaridagi aloqalarni kengaytirish boʻyicha ishchi guruh tuzish va yoʻl xaritasini tayyorlashga kelishib oldilar.

Fargʻona viloyati va Koyan hududlararo hamkorlikni kengaytirish niyatida
Fargʻona viloyati va Janubiy Koreyaning Koyan shahri savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, taʼlim va turizm sohalarida hamkorlikni mustahkamlashni rejalashtirmoqda. Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ushbu masalalarni Koyan meri Min Gyon So bilan muhokama qildi.
Muzokaralar Fargʻona viloyati rahbarining Koreya Respublikasiga amaliy tashrifi doirasida boʻlib oʻtdi. Tomonlar oʻzaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish va istiqbolli yoʻnalishlarda qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv avvalida ishtirokchilarga Fargʻona viloyati va Koyan shahrining iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati, infratuzilmasi, shuningdek, taʼlim, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlik imkoniyatlari haqida videomateriallar namoyish etildi.
Min Gyon So Fargʻona viloyatidan kelgan yoshlarning Chungbu universitetida tahsil olishi boshlanishini ikki hudud oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirishdagi muhim bosqich deb atadi. Koyan meri nafaqat taʼlim, balki iqtisodiyot, investitsiya faoliyati, biznes, turizm va boshqa sohalarda ham hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini maʼlum qildi.
Xayrullo Bozorov Fargʻona viloyati va Koyan oʻrtasidagi aloqalarning mustahkamlanishi har ikki tomon uchun yangi imkoniyatlar ochayotganini taʼkidladi. Viloyat rahbarining takliflari qatoridan biznes vakillari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyish, delegatsiyalarning oʻzaro tashriflarini tashkil etish, aniq investitsiyaviy va savdo loyihalarini tayyorlash, shuningdek, taʼlim muassasalari oʻrtasidagi sheriklikni yanada rivojlantirish joy oldi.
Koyan — Koreya Respublikasining yirik shaharlaridan biri boʻlib, Kyongido provintsiyasida joylashgan va Seul bilan bevosita chegaradosh. Uning maydoni 268 kv. km dan oshadi, aholisi esa 1,07 milliondan ortiq kishini tashkil etadi.
Shahar zamonaviy transport infratuzilmasi hamda xalqaro koʻrgazmalar va kongresslar sanoati rivojlangani bilan ajralib turadi. Koyanda, shuningdek, media va kreativ industriyalar, turistik va ijtimoiy infratuzilma taqdim etilgan. Bu yerda Koreya Respublikasining eng yirik xalqaro koʻrgazma-kongress majmualaridan biri — KINTEX joylashgan.
Uchrashuv yakunlariga koʻra, tomonlar Fargʻona viloyati va Koyan vakillari ishtirokida qoʻshma ishchi guruh tuzishga qaror qildilar.
Ishchi guruh aniq chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan «yoʻl xaritasi»ni tayyorlashi lozim, shundan soʻng tomonlar hamkorlikni izchil kengaytirish va erishilgan kelishuvlar hamda tashabbuslarni amaliy bosqichga oʻtkazish niyatida.

