Mahalliy

FAO Fargʻona vodiysidagi dehqon va tomorqa xoʻjaliklarining texnik salohiyatini mustahkamlamoqda

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlaridagi dehqon xoʻjaliklari hamda tomorqa yer egalariga 12 ta motokultivator va 12 ta qoʻl purkagichini topshirdi. Uskunalar qishloq xoʻjaligi ishlarini yengillashtirishga va xoʻjaliklarning ishlab chiqarish salohiyatini mustahkamlashga yordam beradi. Qoʻllab-quvvatlash «Fargʻona vodiysida qishloq xoʻjaligini barqaror rivojlantirish uchun Janub–Janub hamkorligi va uch tomonlama hamkorlik» (UNUN/SEC/028/UND) loyihasi doirasida koʻrsatildi, […]

FAO Fargʻona vodiysidagi dehqon va tomorqa xoʻjaliklarining texnik salohiyatini mustahkamlamoqda

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlaridagi dehqon xoʻjaliklari hamda tomorqa yer egalariga 12 ta motokultivator va 12 ta qoʻl purkagichini (opriskivatel) topshirdi. Ushbu texnika qishloq xoʻjaligi ishlarini yengillashtirish va xoʻjaliklarning ishlab chiqarish salohiyatini oshirishga qaratilgan.

Yordam FAO tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan «Fargʻona vodiysida qishloq xoʻjaligini barqaror rivojlantirish uchun Janub–Janub va uch tomonlama hamkorlik» (UNUN/SEC/028/UND) loyihasi doirasida koʻrsatildi.

Uskunalarni Andijon viloyati Qoʻrgʻontepa tumanidagi «Navbahor», Namangan viloyati Namangan tumanidagi «Beshkapa» va Fargʻona viloyati Fargʻona tumanidagi «Sanoat» mahallalaridagi loyiha ishtirokchilari qabul qilib oldilar. Ushbu uchta mahallaning har biriga toʻrttadan motokultivator va toʻrttadan qoʻl purkagichi ajratildi. Bundan tashqari, Qoʻrgʻontepa tumanidagi loyiha ishtirokchilariga bir tonna karbamid yetkazib berildi.

Kichik yer maydonlarida mehnat qilayotgan dehqon va tomorqa xoʻjaliklari uchun agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida oʻtkazish oʻta muhimdir. Motokultivatorlar yerga ishlov berishni soddalashtirishi va qoʻl mehnati hajmini kamaytirishi, purkagichlar esa oʻsimliklarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish choralarini koʻrish imkonini berishi kutilmoqda.

«Tomorqada yerni ekishga tayyorlash koʻp vaqt va mehnat talab etadi. Motokultivatorlar ushbu ishni yengillashtiradi va ekmachilikka oʻz vaqtida tayyorgarlik koʻrishimizga yordam beradi, deb umid qilamiz», — dedi loyiha ishtirokchilaridan biri Shuhrat Kenjaboyev.

Texnika va uskunalarning topshirilishi loyihaning mahalliy darajada bilim va amaliy koʻnikmalarni mustahkamlash boʻyicha faoliyatini toʻldiradi. Sentyabr va oktyabr oylarida Andijon, Fargʻona va Namangan viloyatlarida tashkil etilgan trenerlarni tayyorlash kurslarini 38 nafar ishtirokchi muvaffaqiyatli yakunladi. Oquv mashgʻulotlari tuproq va suv resurslarini barqaror boshqarish, iqlim oʻzgarishiga chidamli ekinlarni yetishtirish hamda iqlimga moslashgan qishloq xoʻjaligi usullarini qoʻllashga bagʻishlandi.

«Barqaror qishloq xoʻjaligi amaliyotlarini joriy etish uchun nafaqat bilim, balki ularni qoʻllash imkoniyatlari ham zarur. Olayotgan bilimlarni texnika va uskunalar berish bilan uygʻunlashtirgan holda, biz dehqon va tomorqa xoʻjaliklariga iqlim oʻzgarishi sharoitida ishlab chiqarish salohiyatini mustahkamlashga yordam bermoqdamiz», — deb taʼkidladi loyiha koordinatori Muhammadjon Qosimov.

Loyiha Fargʻona vodiysida iqlim barqarorligiga ega qishloq xoʻjaligi tizimlarini rivojlantirish va qishloq aholisining turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan. Kichik fermer xoʻjaliklari, kooperativlar va milliy ekspertlarning bilim va texnik salohiyatini mustahkamlash orqali loyiha qishloq xoʻjaligining iqlim oʻzgarishiga bardoshliligini oshirishga, ishlab chiqarish samaradorligi va iqtisodiy natijalarni yaxshilashga xizmat qiladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.