FAO Fargʻona vodiysida iqlimga moslashgan qishloq xoʻjaligi sohasidagi mahalliy mutaxassislar salohiyatini mustahkamlamoqda
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) «Fargʻona vodiysida qishloq xoʻjaligini barqaror rivojlantirish uchun Janub–Janub va uch tomonlama hamkorlik» (UNUN/SEC/028/UND) loyihasi doirasida Andijon, Fargʻona va Namangan viloyatlarida trenerlarni tayyorlash kurslarini (ToT) oʻtkazdi. Sentyabr va oktyabr oylarida tashkil etilgan oʻquvlarni 38 nafar ishtirokchi tamomladi va ularga sertifikatlar topshirildi. Kurslar bilimlarni mustahkamlashga qaratilgan edi va […]

FAO Fargʻona vodiysida iqlimga moslashgan qishloq xoʻjaligi sohasidagi mahalliy mutaxassislar imkoniyatlarini kuchaytirmoqda
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) «Fargʻona vodiysida qishloq xoʻjaligini barqaror rivojlantirish uchun Janub–Janub va uch tomonlama hamkorlik» (UNUN/SEC/028/UND) loyihasi doirasida Andijon, Fargʻona va Namangan viloyatlarida trenerlarni tayyorlash kurslarini (ToT) oʻtkazdi. Sentyabr va oktyabr oylarida tashkil etilgan oʻquvlarni 38 nafar ishtirokchi muvaffaqiyatli tamomladi va ularga sertifikatlar topshirildi.
Mashgʻulotlar qishloq xoʻjaligi mutaxassislari va tajribali fermerlarning tuproq va suv resurslarini barqaror boshqarish, iqlim oʻzgarishiga chidamli ekinlarni yetishtirish hamda iqlimga moslashgan qishloq xoʻjaligi (CSA) amaliyotlarini joriy etish masalalaridagi bilim va amaliy koʻnikmalarini kengaytirishga qaratildi. Trenerlarni tayyorlash ushbu bilimlarni fermerlar, dehqonlar va boshqa qishloq xoʻjaligi xodimlariga keyinchalik yetkazishni taʼminlashi kerak.
Oʻquvlarda Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti, Fargʻona davlat universiteti, Xalqaro oziq-ovqat muhandisligi va texnologiyalari instituti, Namangan davlat texnika universiteti, Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi, shuningdek, Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlaridagi Respublika agroxizmatlar markazi boʻlinmalari mutaxassislari ishtirok etdilar. Mashgʻulotlarga loyiha amalga oshirilayotgan tumanlardan tajribali dehqon va fermerlar ham qoʻshildi.
Dastur tuproq sogʻlomligini yaxshilash, suvdan yanada samarali foydalanish va qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini oʻzgarib borayotgan iqlim sharoitlariga moslashtirish yondashuvlarini oʻz ichiga oldi. Ishtirokchilarning ushbu yoʻnalishlardagi texnik salohiyatini mustahkamlash fermer va dehqon xoʻjaliklarida barqaror qishloq xoʻjaligi amaliyotlarini yanada keng joriy etishga xizmat qilishi koʻzda tutilgan.
FAOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan loyiha iqlimga chidamli qishloq xoʻjaligi tizimlarini rivojlantirish va Fargʻona vodiysi qishloq aholisining turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan. Kichik fermer xoʻjaliklari, kooperativlar va milliy ekspertlarning bilimi hamda texnik salohiyatini mustahkamlash hisobiga loyiha qishloq xoʻjaligining iqlim oʻzgarishiga bardoshliligini, uning mahsuldorligi va iqtisodiy natijalarini oshirishga qaratilgan.

