Dunyo

Eronning beshta neft tankeri AQSH zarbalariga uchradi

AQSH Markaziy qoʻmondonligi (CENTCOM) Eron Inqilob muhofizlari korpusiga aloqador deb koʻrsatilgan beshta neft tankeriga zarba berib, ularni ishdan chiqarganini maʼlum qildi. AQSH tomoni bu harakatni soʻnggi ikki kun ichida Eron kuchlari Amerika harbiy kemasiga ikki marta ballistik raketalar bilan hujum qilishga uringanidan keyin amalga oshirganini bildirdi.

**Eronning beshta neft tankeri AQSH zarbalariga uchradi**

AQSH Markaziy qoʻmondonligi 8-sentabr kuni Eronning beshta neft tankeriga zarba berilganini maʼlum qildi.

CENTCOM bu haqda X ijtimoiy tarmogʻidagi rasmiy sahifasida xabar berdi.

Amerika qoʻmondonligining bildirishicha, operatsiya Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi soʻnggi ikki kun ichida AQSH Harbiy-dengiz kuchlari kemasiga ikki marta ballistik raketalar bilan hujum qilishga uringandan soʻng amalga oshirilgan.

CENTCOM Amerika harbiy kemasi Eron tomonining hujumlaridan muvaffaqiyatli chetlab oʻtgani va mintaqaviy suvlarda patrullikni davom ettirganini maʼlum qildi. Hodisalar natijasida AQSH harbiy xizmatchilari orasida jabrlanganlar boʻlmagan.

**Beshta tankerga zarba berilgan**

AQSH Markaziy qoʻmondonligi maʼlumotiga koʻra, Ummon koʻrfazida M/T Kaviz, M/T Charminar, M/T Horizon 1 va M/T Riesco tankerlariga zarba berilgan.

Yana bir — M/T Derya tankeri Fors koʻrfazidagi Xark oroli yaqinida nishonga olingan.

CENTCOM taʼkidlashicha, Amerika harbiylari zarba berishdan oldin kemalar ekipajlariga tankerlarni tark etish boʻyicha koʻrsatma bergan. Shundan keyin kemalarga zarba berilib, ular ishdan chiqarilgan.

AQSH harbiylari ushbu tankerlar Eron Inqilob muhofizlari korpusi foydalanadigan koʻp milliard dollarlik «yashirin» neft tarmogʻining bir qismi boʻlganini daʼvo qilmoqda.

Vashington talqiniga koʻra, mazkur tarmoq orqali olinadigan mablagʻlar Inqilob muhofizlari korpusi hamda uning mintaqadagi hamkor kuchlarini moliyalashtirishga yoʻnaltirilgan.

CENTCOM bayonotida Tehron mazkur kemalarni Amerika harbiy harakatlaridan himoya qilish imkoniyatiga ega emasligi ham qayd etilgan.

**5-sentabrda ham uchta tankerga zarba berilgan**

Bu AQSHning soʻnggi kunlarda Eron neft tankerlariga qarshi amalga oshirgan birinchi operatsiyasi emas.

CENTCOM maʼlumotiga koʻra, 5-sentabr kuni ham Eronning uchta neft tankeri yoʻq qilingan. AQSH tomoni bu zarbalar Eron Inqilob muhofizlari korpusining Amerika aviatashuvchisi va raketa esminetsiga hujum qilishga urinishidan keyin amalga oshirilganini bildirgan.

Shu tariqa, AQSH harbiylari maʼlumotlaridan kelib chiqilsa, 5–8-sentabr oraligʻida Eronga aloqador deb koʻrsatilgan jami sakkizta neft tankeriga zarba berilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.