Eron xorijdagi bir nechta forsiy OAVni harbiy nishonlar ro‘yxatiga kiritdi

Eron bir qancha xorijiy forsiy OAVni harbiy nishonlar ro‘yxatiga qo‘shdi.
Eron qurolli kuchlari 26-avgust kuni xorijda faoliyat yurituvchi bir nechta forsiy ommaviy axborot vositalarini o‘zining harbiy nishonlari qatoriga kiritganini e’lon qildi. Tehron ularni AQSH va Isroil razvedka agentliklariga xizmat qilishda ayblamoqda.
Davlat televideniyesida e’lon qilingan bayonotda, qurolli kuchlar rasmiy vakili Abulfazl Shakarchi ushbu OAVlar orasida BBC Persian, Iran International va Radio Farda nashrlarini sanab o‘tdi.
"Bu dushman OAV sionizm va Amerikaning askarlaridir. Ularning barchasi bizning harbiy nishonlarimiz ro‘yxatiga kiritilgan", dedi Shakarchi.
U ushbu telekanal va radiolarni Mossad, AQSH hamda dushman razvedka tashkilotlari bilan bevosita aloqadorlikda aybladi.
"Eron Qurolli kuchlari bu nashrlarni ommaviy axborot vositasi deb hisoblamaydi", deya qo‘shimcha qildi u.
Biroq harbiy vakil bu nashrlarga aynan qayerda zarba berilishiga aniqlik kiritmadi. Eron rasmiylari xorijda joylashgan forsiy ommaviy axborot vositalarini oldindan Isroil bilan hamkorlik qilishda ayblab keladi.
Xususan, Eron hukumati 2022-yilda Iran International telekanalini terrorchi tashkilot deb tan olgan. Rasmiylar bu kanal bilan hamkorlik qilish Eron qonunlariga ko‘ra jazolanishi haqida ogohlantiradi.

