Eron amerikalik harbiyning boshi uchun 30 ming dollar va’da qildi

Eron har bir amerikalik harbiyni o‘ldirgan yoki asirga olgan shaxsga 30 ming dollar mukofot va’da qildi. Bu haqda Eron armiyasi qo‘mondoni Amir Hotamiy ma’lum qildi, deya xabar beradi “RIA Novosti”.
Hotamiyning so‘zlariga ko‘ra, "moliyaviy jihodda ishtirok etish bo‘yicha ko‘plab so‘rovlar" tufayli maxsus reja ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, Eron armiyasi amerikalik askarni o‘ldirgan yoki asirga olgan shaxsga 30 ming AQSH dollari yoki 5 milliard Eron tumani miqdorida mukofot beradi. Bu ishda muvaffaqiyatga erishgan eronlik ayollar ikki barobar mukofotlanadi.
Uning so‘zlarini Eronning IRIB davlat teleradiokompaniyasi keltirgan. Shuningdek, amerikalik askarlarni yo‘q qilishda ishlatilgan qurollar Eron armiyasi tomonidan bozor narxidan ikki baravar yuqori qiymatda sotib olinishi, bunday qurollar o‘rniga esa armiya yangi qurol berishi ta’kidlanmoqda.
Hotamiy o‘z nutqi davomida mamlakatning hujum va mudofaa salohiyati tiklanganini aytgan. "Dushmanlar armiyamiz imkoniyatlari borasida yaqqol adashgan edi... O‘zimizni himoya qilishda bizni hech narsa cheklab qo‘ya olmaydi", degan u.
Avvalroq Eron rasmiylari AQSH prezidenti Donald Trampni yo‘q qilganlik uchun mukofot taklif qilgandi. 15-may kuni deputat Ibrohim Azizi taklif etilgan qonun loyihasi 50 million yevro mukofotni o‘z ichiga olishini aytgan. Hujjatga amerikalik siyosatchidan tashqari Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) rahbari admiral Bred Kuper ham kiritilgan.

