Eron samolyoti havoga koʻtarilgan zahoti gʻildiragi uzilib ketdi (video)

**Eron samolyoti havoga koʻtarilgan zahoti gʻildiragi uzilib ketdi (video)**
Eronning Boeing 737 samolyoti havoga koʻtarilishi bilanoq favqulodda holatga duch keldi: uchoq shassisining gʻildiragi uzilib ketdi.
Voqea Sepehran aviakompaniyasi reysida yuz bergan. Samolyot Mashhaddan Kirmonshohga yoʻl olgan edi.
Gʻildirak uzilgach, dvigatelda muammolar paydo boʻlgan. Samolyot salonida kuchli silkinish boshlangan, oʻrindiqlar ustidagi javonlar shikastlangan va natijada ulardagi buyumlar yoʻlovchilar ustiga tushgan.
Shu sabab samolyot aeroportga qaytishga qaror qilgan va Mashhadga muvaffaqiyatli qoʻngan — yoʻlovchilardan hech biri jabrlanmagan.
Shu tariqa Sepehran aviakompaniyasi soʻnggi paytlarda Mashhadda ikkinchi aviahodisaga uchradi. Avgust oyi oxirida kompaniyaning boshqa bir reysi qoʻnish vaqtida uchish-qoʻnish yoʻlagidan chiqib ketgan edi. Oʻshanda ham hech kim jarohatlanmagan.
Avvalroq AQSHning Alyaska shtatida charter samolyoti qulashi oqibatida sakkiz kishi halok boʻlgandi.

