Eron muzokaralarni tiklash uchun AQSHga 7 ta shart qo‘ydi
Shartlar iyun oyida Islomobodda tuzilgan memorandum mazmunidan farq qiladi. Tehron talablar bajarilmaguncha muzokaralar boshlanmasligini bildirdi.

**Eron muzokaralarni qayta boshlash uchun AQSHga 7 ta shart qo‘ydi**
Eron AQSH faqat uning yetti shartini qabul qilgan taqdirdagina muzokaralarga kirishishini ma’lum qildi. Bu haqda Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Mohsen Rizoiy davlat telekanali efirida aytib o‘tdi.
“Biz Vashington Tehron talablarini bajarmaguncha hech qanday muzokara bo‘lmasligini bildirdik. AQSHga yettita shartimizni taqdim etdik. Bu shartlar Islomobod memorandumining mazmunidan farq qilardi”, dedi Rizoiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron AQSHni “jazolashi kerak”. Aks holda, boshqa davlatlar ham Eronga qarshi shunday harbiy hujumlar uyushtirish mumkin, degan xulosaga kelishi mumkin. Rizoiy kelajakda Eronga qarshi harbiy harakatlar qayta boshlansa, mamlakat Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomadan chiqishi mumkinligini ham istisno etmadi.
“Biz yadroviy masalada avvalo o‘z huquqlarimizni muhokama qilamiz, Eronga qo‘yiladigan cheklovlarni emas. Kelajakda ehtimoliy urush boshlansa, shartnomada qolish-qolmasligimiz hozircha noma’lum”, dedi u.
Shu bilan birga, Rizoiy Eron yadroviy doktrinasiga oid yangi qarorlar qabul qilinmaganini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, 28-fevral kuni AQSH va Isroil Erondagi obyektlarga zarba berdi, Tehron bunga havo hujumlari bilan javob qaytardi. Iyun o‘rtalarida tomonlar harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha Islomobodda memorandum imzoladi. U Eron hech qachon yadro quroliga ega bo‘lmasligini anglatadi.

