Erling Holand mashg‘ulotlarga qaytdi

Erling Holand "Manchester Siti" mashg'ulotlariga qaytdi
Norvegiyalik hujumchi Erling Holand 2026-yilgi Jahon chempionatidagi ishtiroki tufayli berilgan qo'shimcha ta'tildan so'ng Angliyaning "Manchester Siti" klubi mashg'ulotlariga qo'shildi.
Goal nashrining xabar berishicha, Holand bilan birga yana besh nafar futbolchi mashg'ulotlarga qaytgan. Ular orasida belgiyalik vinger Jeremi Doku, angliyalik futbolchilar Elliot Anderson, Mark Gexi va Niko O’Rayli, shuningdek, fransiyalik yarimhimoyachi Rayan Sherki bor.
Bu futbolchilar yozda yakunlangan Jahon chempionatidan so'ng qo'shimcha ta'til olganliklari sababli jamoaga boshqalardan kechroq qo'shilishdi. Ular klubning Osiyo turnesida ham ishtirok etmadilar.
"Manchester Siti" 2026/27-yilgi mavsumdagi ilk rasmiy o'yinini 16-avgust kuni o'tkazadi. Jamoa Angliya Superkubogida "Arsenal"ga qarshi maydonga tushadi. Yangi mavsumning ilk sovrini uchun bahs Kardiff shahrida bo'lib o'tadi.
O'tgan mavsum yakunlariga ko'ra, Angliyaning 10 karra chempioni "Manchester Siti" Premyer Ligada ikkinchi o'rinni egalladi. Yangi mavsumda Enso Mareska jamoaga murabbiylik qiladi. U Pep Gvardiolaning o'rnini egalladi.

