Erkinjon Turdimov: «Maktab direktorlarini yig‘ilishlarga chaqirish taqiqlanadi»
Vazir yig‘ilishlarga zarur hollarda maktab direktorlari o‘rniga xo‘jalik ishlari uchun mas’ul xodimni yuborish mumkinligini aytdi

Erkinjon Turdimov: «Maktab direktorlarini yig‘ilishlarga chaqirish taqiqlanadi»
O‘zbekiston ta’lim va fan vaziri Erkinjon Turdimov ta’lim masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda maktab direktorlarini turli majlislarga chaqirishni taqiqlash zarurligini ta’kidladi.
«Maktab direktorlarini yig‘ilishlarga chaqirish mutlaqo taqiqlanadi. Hokimga kirib aytaman. Mutlaqo taqiqlanadi», — dedi vazir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, maktablar ta’lim mazmuni bilan, bog‘chalar esa tarbiya bilan shug‘ullanishi kerak.
«Maktab mazmun bilan shug‘ullanishi kerak. Bog‘cha tarbiya bilan shug‘ullanishi kerak. Majlisga borish kerak emas», — dedi Turdimov.
Vazir zarurat tug‘ilganda yig‘ilishlarga maktab direktorlari o‘rniga xo‘jalik ishlari uchun mas’ul xodimni yuborish mumkinligini aytdi.
Shuningdek, vazir viloyat hokimligida ishlagan paytidan misol keltirib, maktab direktorlarini yig‘ilishlarga chaqirmaslikni qat’iy talab qilganini aytdi. U Sirdaryoda ham shunday ko‘rsatma berganiga qaramay, xodimlar baribir yig‘ilishga kelganini ham esladi.

