«Elektr xavfsizligi oyligi»: maqsad va vazifalar
Vazirlar Mahkamasi elektr toki urishi xavfini kamaytirish, yongʻinlarning oldini olish va elektr energiyasidan xavfsiz foydalanish madaniyatini oshirishga qaratilgan profilaktika va targʻibot-tashviqot tadbirlari kompleksini tasdiqladi.

«Elektr xavfsizligi oyligi»: maqsad va vazifalar
Vazirlar Mahkamasining 29.09.2026 yildagi 523-son qarori bilan har yili oktyabr oyida Oʻzbekistonda «Elektr xavfsizligi oyligi» oʻtkazilishi belgilandi. Tadbirlarda aholi, ijtimoiy soha muassasalari, xoʻjalik yurituvchi subʼyektlar va boshqa elektr energiyasi isteʼmolchilari ishtirok etadi.
Oylik doirasida asosiy eʼtibor aholining, eng avvalo, bolalar va yoshlarning bilim va amaliy koʻnikmalarini oshirishga, shuningdek, elektr uskunalaridan foydalanishga masʼuliyat bilan yondashishni shakllantirishga qaratiladi. Tushuntirish ishlari elektr jihozlaridan xavfsiz foydalanish, tarmoqlarning haddan tashqari yuklanishini oldini olish, uzilgan simlar aniqlanganda va boshqa potentsial xavfli vaziyatlarda qanday harakat qilish kerakligi masalalarini qamrab olishi lozim.
Hududiy hokimliklarga ishchi guruhlar tuzish va bir oy davomida barcha mahallalar, koʻp kvartirali uylar, aholi zich joylashgan hududlar, ijtimoiy muassasalar va korxonalarda profilaktika ishlari olib borilishini taʼminlash topshirildi. Hayot va sogʻliq uchun xavf aniqlangan taqdirda, masʼul shaxslar va ijro muddatlarini belgilagan holda, uni bartaraf etish boʻyicha zudlik bilan choralar koʻrilishi kerak.
«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ foydalanilayotgan elektr qurilmalarining texnik holatini baholashi va ularni xavflilik darajasi boʻyicha taqsimlashi lozim. Qoʻshimcha tekshiruvlar turar joy mavzelari, maktablar, bolalar bogʻchalari, bozorlar, dam olish maskanlari va boshqa jamoat joylari yaqinida oʻtkaziladi. Xususan, simlar va kabellarning holati, kirishni cheklash qurilmalari, shuningdek, elektr qurilmalaridagi toʻsiqlar, qulflar va ogohlantiruvchi belgilar mavjudligi tekshiriladi.
«Oʻzenergoinspektsiya» aholi va isteʼmolchilar uchun axborot tadbirlari, seminarlar va maslahatlashuvlar tashkil etadi, shuningdek, elektr qurilmalarini, eng avvalo, bolalar va aholi kirishi mumkin boʻlgan qurilmalarni profilaktik tekshirishda ishtirok etadi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligiga elektr energiyasidan foydalanish bilan bogʻliq yongʻinlarning oldini olish boʻyicha profilaktika tadbirlarini oʻtkazish topshirildi.
Taʼlim muassasalarida «Elektr xavfsizligi darslari», ochiq mashgʻulotlar, viktorinalar, interaktiv treninglar hamda rasmlar va videoroliklar tanlovlarini oʻtkazish rejalashtirilgan. Bolalarga transformator nimstantsiyalariga kirish, elektr simlariga yaqinlashish, elektr ustunlariga koʻtarilish va uzilgan simlarga tegish xavfi alohida tushuntiriladi.
Energetika vazirligi «Elektr xavfsizligi oyligi» oʻtkazilishini muvofiqlashtiradi, axborot materiallari, ijtimoiy roliklar va eslatmalar tayyorlashda ishtirok etadi, shuningdek, xavfli vaziyatlar yuzaga kelganda harakat qilish tartibi va mavjud ishonch telefonlari haqida aholini xabardor qiladi.

