Mahalliy

Elektr ta’minotidagi uzilishlar belgilangan vaqtda bartaraf etilmasa, kompensatsiya to‘lash yo‘lga qo‘yiladi

Elektr ta’minotidagi uzilishlar belgilangan vaqtda bartaraf etilmasa, kompensatsiya to‘lash yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekistonda elektr ta’minotidagi uzilishlar belgilangan muddatlarda bartaraf etilmagani sabab iste’molchilarga kompensatsiya to‘lash mexanizmi joriy etiladi. Bu prezidentning 22-sentyabrda imzolangan PF-202-son farmonida belgilangan.

Mazkur yo‘nalishda 2026-yil dekabrga qadar tegishli hujjat loyihasi ishlab chiqiladi. U manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi. Bu ish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Energetika vazirligi hamda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mas’ul etib belgilangan.

Tabiiy gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlarni elektrlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ham jadallashtiriladi. 2026-yil noyabr oyida bu borada tajribali konsultantlarni jalb qilish maqsadida xalqaro moliya institutlari bilan muzokaralar o‘tkaziladi. Dekabr oyida xalqaro moliya institutlarining texnik ko‘magida konsultantlar jalb qilinadi. Fevral oyiga kelib esa ular bilan birga tabiiy gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlarni elektrlashtirish konsepsiyasi ishlab chiqiladi.

Konsepsiyada quyidagilar nazarda tutiladi:

- elektrlashtiriladigan iste’molchilar, shuningdek, tabiiy gaz ta’minoti mavjud bo‘lmagan va isitish maqsadida elektr energiyasidan foydalanib kelayotgan iste’molchilar uchun elektr energiyasining imtiyozli tariflarini belgilash;

- elektrlashtirish natijasida almashtiriladigan energiya samaradorligi yuqori bo‘ladigan maishiy texnikalarni sotib olishda qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish.

2027-yil aprel oyida tegishli hujjat loyihasi ishlab chiqilib, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi. Bu vazifalarni bajarishga Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Energiya samaradorligi milliy agentligi mas’ul etib belgilandi.

O‘zbekistonda tabiiy gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan mahallalardagi isitish tizimini elektrga o‘tkazish rejasi 27-iyul kuni prezident raisligidagi videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilingandi. Hozirda tabiiy gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan 1 916 ta mahalla borligi bildirilgan, mas’ullarga esa uch oyda ushbu mahallalardagi isitish tizimini elektrga o‘tkazish uchun qancha infratuzilma va qo‘shimcha elektr energiyasi talab etilishini aniqlash topshirilgandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.