“El-yurt umidi” va British Council 5 nafar o‘zbekistonlik qizga stipendiya ajratish bo‘yicha kelishuv imzoladi
'El-yurt umidi' jamg‘armasi va British Council besh nafar o‘zbekistonlik qizga Buyuk Britaniyada STEM yo‘nalishlarida tahsil olish uchun qo‘shma stipendiya ajratadi. 2027−2028 o‘quv yiliga mo‘ljallangan dastur xarajatlarining 40 foizini jamg‘arma, 60 foizini Britaniya Kengashi qoplaydi.

“El-yurt umidi” va British Council 5 nafar o‘zbekistonlik qizga stipendiya ajratish bo‘yicha kelishuv imzoladi
Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan Global Talent Forum xalqaro anjumani doirasida prezident huzuridagi “El-yurt umidi” jamg‘armasi hamda Britaniya Kengashi (British Council) o‘rtasida “Going Global Partnerships — Scholarships for Women in STEM” dasturini O‘zbekistonda amalga oshirish yuzasidan kelishuv imzolandi.
Hujjatga muvofiq, 2027−2028 o‘quv yilida besh nafar o‘zbekistonlik qiz Buyuk Britaniyada fan, texnologiya, muhandislik va matematika (STEM) yo‘nalishlarida ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Dastur qo‘shma moliyalashtirish tamoyili asosida yo‘lga qo‘yilib, ta’lim xarajatlarining 40 foizini “El-yurt umidi” jamg‘armasi, qolgan 60 foizini esa Britaniya Kengashi qoplaydi.
Ushbu tashabbus xotin-qizlarning xalqaro ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish hamda ilm-fan va yuqori texnologiyalar sohasida malakali mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan.
Dasturga qabul qilish tartibi, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar hamda ariza topshirish muddatlari haqida keyinroq qo‘shimcha ma’lumot berilishi kutilmoqda.
Avvalroq “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali yoshlarni Janubiy Koreyaning yetakchi oliygohlarida 6 oy davomida yangi kasbga o‘qitish va ta’lim xarajatlarini qoplash rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.

