Mahalliy

Ekstremizm uchun javobgarlik oʻzgartirildi

Ektremistik tashkilotlarda ishtirok etish va ularni tuzish endi turlicha jazolanadi, ilk bor sodir etilgan ekstremistik materiallarni tayyorlash va saqlash uchun esa maʼmuriy javobgarlik joriy etilmoqda. Adliya vazirligi Ekstremistik tashkilotlar va materiallarning elektron reyestrini yuritadi.

**Ekstremizm uchun javobgarlik oʻzgartirildi**

02.11.2026 yildagi OʻRQ-1185-sonli Qonun bilan Jinoyat kodeksi, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks va bir qator qonunlarga ekstremizmga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.

Jinoyat kodeksida «diniy ekstremizm» soʻzlari «ekstremizm» soʻzi bilan almashtirildi. Ilgari ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlarni tuzish, ularga rahbarlik qilish va ularda ishtirok etish bir xil — 5 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolangan boʻlsa, endilikda ishtirok etganlik uchun 5 yildan 10 yilgacha, tuzish va rahbarlik qilish uchun esa 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish nazarda tutilgan.

Ekstremistik materiallarni saqlash, tarqatish yoki namoyish etishda ishtirok etgan shaxs, agar bu haqda hokimiyat organlariga oʻz vaqtida xabar bergan boʻlsa yoki boshqa usulda ogʻir oqibatlarning oldini olishga yordam bergan boʻlsa, javobgarlikdan ozod etiladi.

Ilgari ekstremistik materiallarni tarqatish maqsadida tayyorlash va saqlash jinoiy javobgarlikka, shu jumladan BHMning 200 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda jarimaga sabab boʻlar edi. Endilikda birinchi marta sodir etilgan qilmish uchun maʼmuriy jarima belgilandi: fuqarolarga BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda musodara qilish bilan birga yoki 15 sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olish (MJTKning 184⁵-moddasi). Jinoiy javobgarlik qilmish maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa yuzaga keladi.

«Ekstremizmga qarshi kurashish toʻgʻrisida»gi Qonun sezilarli darajada toʻldirildi. Ilgari taqiqlangan tashkilotlar va faoliyati toʻxtatib qoʻyilgan yuridik shaxslar roʻyxatlari Adliya vazirligi va Oliy sud saytlarida joylashtirilar edi. Endilikda Adliya vazirligi ochiq Elektron reyestrni yuritadi, unga ekstremistik materiallar va ularni muntazam ravishda tarqatuvchi internet-manbalar ham kiritiladi.

Ilgari qonunda materiallarni kim ekstremistik deb eʼtirof etishi belgilanmagan va sud qaroriga koʻra yuridik shaxs faoliyatini toʻxtatib qoʻyish muddati cheklanmagan edi. Endilikda bu Bosh prokurorning arizasiga koʻra Oliy sud tomonidan amalga oshiriladi, yuridik shaxsning faoliyati esa bir yilgacha muddatga toʻxtatib qoʻyiladi. Qaror ustidan shikoyat 72 soat ichida beriladi va uning ijrosini toʻxtatib qoʻymaydi.

Ekstremistik xususiyatdagi jinoyatlar uchun sotlangan shaxslar sudlanganligi tugallanguniga yoki olib tashlanguniga qadar maʼrifiy, jurnalistlik faoliyati bilan shugʻullanishlari, psixologik yordam koʻrsatishlari va OAV taʼsis etishlari mumkin emas. Ekstremistik faoliyat faktlari toʻgʻrisida xabar bergan shaxslar davlat himoyasida boʻladi va ragʻbatlantirilishi mumkin.

Hujjat Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasida davlat tilida eʼlon qilingan va 03.11.2026 yildan kuchga kirdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.