Efiopiyalik marafonchi jahon rekordini yangiladi

Efiopiyalik yengil atletikachi Yomif Kejelcha Argentina poytaxti Buenos-Ayresda bo‘lib o‘tgan World Athletics yo‘l poygasida yarim marafon bo‘yicha jahon rekordini yangiladi. U 21,1 kilometrlik masofani 56 daqiqa 51 soniyada bosib o‘tdi.
29 yoshli sportchi avval ham bu rekordga egalik qilgan edi. Kejelcha 2024-yil oktyabr oyida Valensiyada yarim marafonda 57 daqiqa 30 soniya natija qayd etgan. Biroq, 2026-yil mart oyida Ugandalik Jeykob Kiplimo Lissabonda 57 daqiqa 20 soniyalik natija bilan rekordni yangilagan edi.
Buenos-Ayresdagi poygada Kejelcha o‘zining avvalgi natijasini 29 soniyaga yaxshilab, 56:51 natija bilan rekordni qaytardi.
U poygani juda yuqori tempda boshlab, dastlabki 5 kilometrni 13:34 daqiqada yakunladi. 10 kilometrga kelib uning vaqti 27:19 daqiqani tashkil etdi. Bu Kiplimoning jahon rekordini o‘rnatgan poygadagi 10 kilometr natijasidan 19 soniya sekinroq edi.
Shunga qaramay, Kejelcha masofaning ikkinchi yarmida tezligini oshirib, marraga 56:51 daqiqa natija bilan yetib keldi. Uning ko‘rsatkichi yulduzcha bilan qayd etilgan bo‘lib, jahon rekordi sifatida tasdiqlanishi kutilmoqda.
Kejelcha 10 000 metrga yugurishda Jahon chempionatining kumush medali sohibi hisoblanadi. U shuningdek, 10 000 metr masofadagi yo‘l poygasi bo‘yicha jahon rekordiga ham ega.
Ma’lumot uchun, efiopiyalik sportchi joriy yil London marafonida ham ishtirok etib, ikkinchi o‘rinni egallagan. Unda keniyalik Sebastyan Saue 1 soat 59 daqiqa 30 soniya natija bilan g‘alaba qozongan. Saue Kejelchadan 11 soniya avval marraga yetib kelgan edi.

