“Dyuna 3”dan ilk kadrlar: Timoti Shalame endi shafqatsiz zolim qiyofasida namoyon bo‘ladi

“Dyuna 3” filmining ilk kadrlarida Timoti Shalame shafqatsiz zolim rolida paydo bo‘ladi.
Warner Bros. kinostudiyasi “Dyuna 3” filmining dastlabki tizerini e’lon qildi. Ushbu filmning premyerasi 2026-yil 18-dekabrga belgilangan.
Yangi qismning syujeti yozuvchi Frenk Gerbertning mashhur “Dyuna masihi” romani asosida qurilgan. Bu safar tomoshabinlar ikkinchi qism voqealaridan 17 yil o‘tib sodir bo‘ladigan hodisalarga guvoh bo‘lishadi. Timoti Shalame ijro etgan va imperatorlik taxtiga o‘tirgan Pol Atreydes endi avvalgi ijobiy qahramon emas, balki shafqatsiz mustabid sifatida namoyon bo‘ladi. U saroy o‘yinlari va fitnalar markazida qolib, yana bir yirik urushga tortiladi.
Franshizaga rejissyor Deni Vilnyov boshchilik qildi. Rejissyorning so‘zlariga ko‘ra, bu film Pol Atreydesning sarguzashtlariga yakun yasaydi va Vilnyovning “Dyuna” filmlaridagi so‘nggi rejissyorlik ishi bo‘ladi.
Filmda tomoshabinlarni yana bir kutilmagan syurpriz kutmoqda: aktyor Jeyson Momoa filmning birinchi qismida halok bo‘lgan Dunkan Aydaxoning nusxasi sifatida qaytadi. Aktyor ushbu rol uchun so‘nggi olti yil ichida birinchi marta soqolini butunlay oldirib tashladi.
Aktyorlar tarkibidan Zendaya, Anya Teylor-Joy, Florens Pyu, Robert Pattinson, Havyer Bardem va boshqalar joy olgan.
Ma’lumot uchun, Deni Vilnyovning 2021-yilda chiqqan ilk “Dyuna” filmi dunyo bo‘ylab 400 million dollardan ortiq daromad keltirib, oltita “Oskar” mukofotini qo‘lga kiritgan edi. 2024-yilda namoyish etilgan ikkinchi qismi esa 700 million dollardan ziyod daromad keltirib, ikki marta “Oskar”ga loyiq ko‘rilgan.

