Dunyodagi milliarderlar soni rekord darajaga – 3,8 ming kishiga yetdi
Birinchi oʻrinni katta farq bilan AQSH band etgan boʻlib, u yerda dunyo milliarderlarining deyarli uchdan bir qismi – 1265 kishi istiqomat qiladi.

2025-yilda dunyo boʻylab milliarderlar soni misli koʻrilmagan darajaga yetib, 3795 nafarni tashkil etdi, bu oʻtgan yilga nisbatan 8,2 foizga koʻpdir. Rossiyada esa bu koʻrsatkich 18 foizga oʻsib, 151 nafarga yetdi.
Rossiya milliarderlar soni boʻyicha dunyoda toʻrtinchi oʻrinni egalladi. Birinchi oʻrinda AQSH joylashgan boʻlib, u yerda dunyo milliarderlarining qariyb uchdan bir qismi – 1265 nafari istiqomat qiladi. 2024-yilda AQSHdagi milliarderlar soni 11,5 foizga oshgan. Ikkinchi oʻrinni 363 nafar milliarder bilan Xitoy (+13,1 foiz) egallagan boʻlsa, uchinchi oʻrinda 221 nafar milliarder bilan Germaniya (+20,1 foiz) qayd etildi. Germaniya, shuningdek, 15 ta davlat orasida eng yuqori oʻsish surʼatini koʻrsatdi. Beshinchi oʻrinni 132 nafar milliarderga ega Hindiston (+3,9 foiz) band etdi.
Milliarderlarning umumiy boyligi 12,8 foizga oshib, rekord darajadagi 15,1 trillion dollarga yetdi. Sayyoramizning eng badavlat 29 nafar kishisi umumiy milliarderlar boyligining 27 foizini tashkil etadi, holbuki 2017-yilda bu koʻrsatkich 7 foizni tashkil etgan edi. Tahlilchilar bu yilgi oʻsishning asosiy sabablaridan biri sifatida sunʼiy intellektga kiritilayotgan sarmoyalar hajmining sezilarli darajada oshganini taʼkidladilar.

