AQSH davlat qarzi tarixda ilk bor 40 trln dollardan oshdi

AQSHning davlat qarzi ilk bor 40 trillion dollardan oshib, yangi rekord darajaga yetdi. Bu haqda BBC nashri mamlakat Moliya vazirligiga tayanib xabar berdi.
18-avgust holatiga ko‘ra, davlat qarzining umumiy miqdori 40 trillion 47 milliard dollarni tashkil etgan. Shundan 32 trillion 265 milliard dollardan ortig‘i xususiy investorlar, aholi va tashkilotlar oldidagi majburiyatlar bo‘lsa, 7 trillion 781 milliard dollardan ortig‘i hukumatlararo (davlat jamg‘armalari va tuzilmalari o‘rtasidagi) ichki qarz majburiyatlaridir.
Taqqoslash uchun, 2016-yilda davlat qarzi 20 trillion dollardan biroz kamroqni tashkil etgan edi. AQSH davlat qarzining qonun bilan belgilangan chegarasi 41 trillion 103 milliard dollarni tashkil etadi. Prognozlarga ko‘ra, 2036-yilga borib bu ko‘rsatkich taxminan 64 trillion dollarga yetishi mumkin.
Trampning 2025-yildagi inauguratsiyasidan buyon o‘tgan 19 oy ichida qarz yukining o‘sishi deyarli 3,83 trillion dollarni tashkil etdi. Ma’lumot uchun, uning birinchi prezidentlik muddatining shu davrida davlat qarzi 1,47 trillion dollarga oshgandi. Umumiy hisobda, 2017-yildan 2021-yilgacha davlat qarzi 7,8 trillion dollarga ko‘paygan.
Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha eng yirik qarzdorlik Qozog‘istonda kuzatilmoqda. 2026-yil 1-aprel holatiga koʻra, respublikaning davlat qarzi 76,5 milliard dollarga yetgan, bu bir yil avvalgidan 21 foizga koʻpdir. Oʻzbekistonning davlat qarzi esa 47 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lib, bir yilda 4,4 milliard dollarga ortgan.
Qirgʻizistonning davlat qarzi 9,8 milliard dollarga baholangan, bu bir yil avvalgidan 47 foizga koʻpdir. Joriy yil fevralida Tojikistonning davlat qarzi 3,5 milliard dollarga yetgani maʼlum boʻldi. Shundan 3 milliard dollari tashqi qarz, qolgani ichki kreditlar hissasiga toʻgʻri kelgan.
Turkmaniston iqtisodiyoti boʻyicha rasmiy veb-sahifalarda ochiq maʼlumotlar yetarli emas. Ammo Jahon banki hisobotlaridan birida 2025-yilda Turkmaniston yalpi ichki mahsuloti 77,4 milliard dollarni tashkil etgani yozilgan. Respublikaning davlat qarzi esa YaIMga nisbatan 5,2 foiz ekani koʻrsatilgan. Shundan kelib chiqilsa, Turkmaniston davlat qarzi 4 milliard dollar atrofida ekani oydinlashadi.

