Dunyodagi eng yirik neft importchilari maʼlum boʻldi
2025-yil yakunlariga koʻra, Xitoy kuniga 13,8 million barrel neft va neft mahsulotlari import qilib, dunyoda birinchi oʻrinni egalladi. Keyingi oʻrinlarda AQSH va Hindiston qayd etilgan. Jahon neft importining yarmidan koʻpi Osiyo–Tinch okeani mintaqasi hissasiga toʻgʻri kelgan.

Dunyodagi eng yirik neft importchilari aniqlandi
Naked Science nashri Visual Capitalist infografikasiga tayangan holda xabar berishicha, reyting OPEKning 2026-yilgi yillik statistik byulleteni maʼlumotlari asosida tuzilgan. Hisob-kitoblarga xom neft, jumladan gaz kondensati hamda neft mahsulotlari ham kiritilgan.
Reytingda eksport chegirib tashlanmagan yalpi import hajmi ko‘rsatilgan. Shu sababli import qilingan neftning bir qismini qayta ishlab, yana xorijga sotadigan Singapur va Niderlandiya kabi davlatlar ham yuqori pog‘onalardan joy olgan.
Xitoyning 2025-yildagi neft va neft mahsulotlari importi kuniga 13,8 million barrelni tashkil etgan. Bu ikkinchi o‘rindagi AQSH ko‘rsatkichidan qariyb ikki baravar ko‘p. Xitoyning faqat xom neft importi esa kuniga rekord darajadagi 11,6 million barrelga yetgan.
AQSH yirik importchi bo‘lishi bilan birga, katta hajmda neft va neft mahsulotlari eksport ham qiladi. 2025-yilda mamlakatning ushbu eksporti kuniga 10,7 million barrelni tashkil etgan.
Amerika neftni qayta ishlash zavodlarining aksariyati dastlab og‘ir neftni qayta ishlashga moslab qurilgan. Shu bois AQSH xorijdan neft sotib olishda davom etmoqda. Amerika importining qariyb 57 foizi Kanada hissasiga to‘g‘ri keladi. Ayni paytda yengilroq slanets nefti va ortiqcha yonilg‘i hajmlari eksportga yo‘naltiriladi.
Reytingda uchinchi o‘rinni kuniga 6,2 million barrel import bilan Hindiston egallagan. Undan keyin Janubiy Koreya — 3,8 million barrel va Yaponiya — 3,3 million barrel bilan qayd etilgan.
Xitoy, AQSH, Hindiston, Janubiy Koreya va Yaponiya birgalikda jahon neft importining 46 foizini tashkil etgan.
Birinchi beshlikdan tashqarida Singapur va Niderlandiyaning ko‘rsatkichlari ham yuqori. Ular mos ravishda kuniga 2,8 million va 2,7 million barrel import qilgan. Har ikki mamlakat yirik neftni qayta ishlash va savdo markazi bo‘lib, olib kirilgan neftning salmoqli qismini qayta ishlab, reeksport qiladi.
2025-yilda Osiyo–Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari kuniga 38,2 million barrel neft va neft mahsulotlari import qilgan. Bu jahon ko‘rsatkichining 50,1 foiziga teng.

