Dunyodagi eng eski kema halokati qoldiqlari Turkiya qirgʻoqlarida topildi
Arxeologlarning taʼkidlashicha, kema halokatga uchragan joy Erta bronza davriga oid boʻlib, 4700 yilgacha boʻlgan tarixga ega.

Dunyodagi eng qadimiy kema halokati Turkiya qirgʻoqlarida aniqlandi
Arxeologlarning taʼkidlashicha, Turkiya qirgʻoqlari yaqinida dunyodagi eng qadimiy kema halokati qoldiqlari toppilgan.
Olimlar uning yoshini 4 400 va 4 700 yil oraligʻida deb baholamoqda, bu esa uni Ilk bronza davriga va Buyuk piramida qurilayotgan davrga toʻgʻri keltiradi.
Kemaning yogʻoch sinchi saqlanib qolmagan, ammo u tashiyotgan sopol koʻzalar dengiz tubidan topilgan va hayratlanarlisi, ularning baʼzilarida haligacha ichidagi narsalarning izlari saqlanib qolgan.
Kema qoldiqlarini topgan arxeologlarning aytishicha, uning uzunligi taxminan 10 metr boʻlib, Oʻrta yer dengizi boʻylab yuk tashiydigan savdo kemasi boʻlgan.
«Suvga choʻkkan kema — dengiz tubidagi vaqt kapsulasidir», — dedi Oʻrta yer dengizi arxeologiya uyushmasi ekspeditsiyasiga rahbarlik qilgan Turkiyadagi Akdeniz universiteti professori Hakan Oʻniz.
Gʻavvoslar uchta tosh olibrni topishdi, chunki kemalar uzoq suzishlarda ehtiyot qismlarni olib yurishgan
Kema qoldiqlari Turkiyaning Antalya shahridagi Kekova oroli qirgʻogʻi yaqinida joylashgan. Buyumlar suv ostidagi yonbagʻir boʻylab, suv yuzasidan atigi 30 metr chuqurlikda sochilgan.
Uchta katta tosh olibr hamda amfora deb ataluvchi 30 dan ortiq sopol idishlar olib chiqildi.
Kemaning yogʻoch qismlaridan hech narsa qolmagani sababli, uning yoshini aniqlashda organik materiallardagi uglerod shaklini oʻlchaydigan radiouglerodli tashxis kabi usullardan foydalanib boʻlmadi.
Buning oʻrniga arxeologlar amforalarning shaklini oʻrgandilar. Sopol buyumlar uslubi vaqt oʻtishi bilan oʻzgarib turgani uchun turli shakllar muayyan davrlar bilan bogʻliq.
Kekova sopol buyumlari ikkita dastasi, oʻrtasidagi boʻrtma chizigʻi va yassi tubi bilan ajralib turadi.
Oʻnizning aytishicha, bu dizayn Misr va Yaqin Sharqda topilgan va yoshi 4 400–4 700 yilga teng ekani maʼlum boʻlgan boshqa amforalarga mos keladi.
«Bezak berish usullarini solishtirib... biz kemamiz Ilk bronza davriga oid deb aniq ayta olamiz. Bu 100 foiz shunday».
Ekspeditsiya gʻavvoslari koʻzalarni suv yuzasiga olib chiqishdi, endilikda minglab yillar suv ostida yotgan bu buyumlar ehtiyotkorlik bilan konservatsiya qilinmoqda.
Avstraliyaning Makkuori universiteti arxeologi, doktor Karin Sovada amforalar olib chiqilgach, ularni koʻzdan kechirdi. Baʼzilari shikastlanmagan edi va u ularning ichida hali ham qovushqoq, yaltiroq qoldiqlar borligini koʻrib hayratda qoldi.
«Ichiga qarab, deyarli hushimdan ketayozdim. Qanchalik koʻp [qoldiq] koʻrinib turganiga ishona olmadim. Bu shunchaki dogʻlar emas edi.... bu materialning juda koʻp qismi saqlanib qolgan edi», — dedi u.
Jamoa hozirda amforalarda aynan nima tashilganini aniqlashga harakat qilmoqda.
«Bu zaytun moyi, vino yoki daraxt yelimi boʻlishi mumkin», — dedi Sovada.
«Bu [qoldiqlar] vsda koʻzalardan qayta foydalanish natijasi boʻlishi ham mumkin. Demak, bu koʻzalar juda katta — ular shunchaki bir marta yuborilib, keyin qaytib koʻrilmaydigan narsalar emas. Odamlar kelgach, bu koʻzalarni boʻshatishgan va ehtimol ulardan koʻp, koʻp, koʻp yillar davomida foydalanishgan».
Suvga choʻkkan kema va uning yuki qadimgi dunyodagi savdo-sotiq haqida ham yangi tasavvurlarni bermoqda.
Arxeologlarning taʼkidlashicha, kema oʻz sayohatini Oʻrta yer dengizining sharqiy qirgʻogʻidagi qaysidir nuqtadan boshlagan.
Ular kema hozirgi Turkiyaning shimoli-gʻarbida joylashgan qadimgi Troya shahriga yoki Kritdagi Minoy xalqiga yuklarni olib ketayotgan boʻlgan deb hisoblashadi.
Dengiz sayohati xavfli edi, ayniqsa Kekova oroli atrofida, bu yerda kuchli oqimlar va shamollar koʻplab kemalarni halokatga uchratgan.
Bu hududda yuzlab choʻkkan kemalar bor va Oʻrta yer dengizi arxeologiya uyushmasi ularni topish va oʻrganishga ixtisoslashgan.
Oʻnizning aytishicha, u suvga choʻkkan kema yoniga shoʻngʻiganida, xayoliga keladigan birinchi narsa — bu kema bilan bogʻliq odamlarning hayotidir.
«Biz 5 000 yildan soʻng bu buyumlarga teggan birinchi insonlarmiz.
Biz hamisha dengizchilar... amfora ishlab chiqaruvchilar va amforani yelkasida kemaga tashigan inson, shuningdek, turmush oʻrtoqlarini kutgan va afsuski, ular qaytib kela olmagan ayollar haqida oʻylaymiz».
Kema qoldiqlari Turkiya Madaniyat vazirligiga tegishli. Vazir Mehmet Nuri Ersoyning aytishicha, topilgan ashyolar yaqin oylarda ochiladigan Antalyadagi yangi Oʻrta yer dengizi suv osti arxeologiyasi muzeyida namoyish etiladi.
Chuqurlik sababli gʻavvoslar uni oʻrganish uchun bir safarda atigi 30 daqiqa vaqt ajrata olishdi
Kekovadagi topilma endilikda dunyodagi eng qadimiy kema halokatlari roʻyxatida peshqadamlik qilmoqda.
Shu vaqtgacha rekordchi Gretsiya janubidagi Dokos oroli qirgʻoqlarida topilgan va taxminan 4 200 yil oldinga oid kema qoldigʻi edi.
Yogʻochlari haligacha saqlanib qolgan, maʼlum boʻlgan eng qadimiy butun kema qoldigʻi Qora dengizda, Bolgariya qirgʻoqlari yaqinida topilgan. U taxminan 2 400 yil avvalgi davrga oid.

