Dunyo

Nuh kemasi topildimi? Turkiyadagi sirli obyekt ostidan g‘ayrioddiy tuzilmalar aniqlandi

Nuh kemasi topildimi? Turkiyadagi sirli obyekt ostidan noodatiy tuzilmalar aniqlandi

Turkiyaning Ararat tog‘i yaqinidagi Durupinar tuzilmasida o‘tkazilgan so‘nggi tadqiqotlar natijalari e’lon qilindi. Unga ko‘ra, Nuh kemasi deb taxmin qilinayotgan sirli obyekt ostida to‘g‘ri chiziqlar, to‘g‘ri burchakli kesishmalar va katta bo‘shliqlar aniqlangan. Tadqiqotchilar bular kemaning ichki qismlari, yo‘laklari yoki xonalari bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Tadqiqot yer ostini tekshirishga mo‘ljallangan GPR radarlar yordamida amalga oshirilgan. Olimlar endi burg‘ilash ishlarini boshlashni, hatto obyekt ichiga maxsus robotni tushirishni rejalashtirmoqda.

O‘rganishlar davomida Durupinar tuzilmasi ichidan bir qator anomaliyalar aniqlangan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, obyektning markaziy qismida taxminan 70 metr uzunlikdagi yo‘lak yoki tunnelga o‘xshash tuzilma topilgan.

Bundan tashqari, tadqiqotda AQSH Harbiy-havo kuchlari uchun ishlab chiqilgan BakhtarRadar yerosti radar tizimidan ham foydalanildi. Tizim obyekt ostidagi yerosti qatlamlari va anomaliyalarni uch o‘lchamli ko‘rinishda tahlil qilish imkonini bergan.

Natijada obyekt bir xil zichlikdagi qattiq jins massasidan iborat emasligi, uning ostida bir nechta qatlam va anomaliyalar mavjudligi qayd etilgan. Biroq bu dastlabki natijalar bo‘lib, ma’lumotlar to‘liq tahlil qilinishi kerak. Boisi radar anomaliyalari turli geologik qatlamlar, namlik yoki boshqa tabiiy omillar sabab ham kelib chiqishi mumkin. Olimlar shuni aniqlashtirish uchun burg‘ilash ishlarini boshlaydi.

Ammo bu obyekt atrofidagi mish-mishlarni kuchaytirgan yagona tadqiqot emas. Masalan, joriy yil o‘tkazilgan boshqa bir tadqiqot doirasida 150 ta nuqtadan taxminan 1 000 ta tuproq namunasi olinib, laboratoriyaga yuborilgan. Ularning tarkibi, organik moddalar va ehtimoliy yog‘och qoldiqlari mavjudligi tekshirilgan.

Tadqiqotga Sivas Cumhuriyet universiteti arxeologiya professori Cenker Atila rahbarlik qilmoqda. Uning ma’lum qilishicha, Durupinar tuzilmasining ichki qismidan olingan tuproqda tashqaridan olingan namunaga nisbatan taxminan 40 foizga ko‘proq uglerodlar chiqqan. Olimlar mazkur farq organik moddalar, jumladan, qadimgi yog‘och qoldiqlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini tekshirmoqda.

Ararat tog‘idan qariyb 30 km uzoqlikda joylashgan ushbu tuzilma 1959-yili turkiyalik kapitan Ilhan Durupinar tomonidan aniqlangan. Uning uzunligi 157 metrga teng. Olimlar yuqoridan olingan suratlarni o‘rganib, mazkur obyektning muqaddas kitoblarda tasvirlangan Nuh kemasiga o‘xshashligini aniqlagan.

Bundan tashqari, tuzilma o‘lchamlari ham diniy manbalarda keltirilgan raqamlarga mos kelgan. Jumladan, Bibliyaning “Ibtido” kitobida Nuh kemasining uzunligi 300 tirsak deb ko‘rsatiladi. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, bu taxminan 135–157 metr atrofida bo‘lishi mumkin.

Tadqiqotda qatnashayotgan ayrim olimlar allaqachon o‘z xulosasini e’lon qilib bo‘lgan. Jumladan, Noah's Ark Scans loyihasi vakili Endryu Jons bayonot berib, tuzilma inson tomonidan yaratilgani haqidagi qarashlar “yuz foiz tasdiqlanganini” ta’kidlagan. Biroq boshqa olimlar masalaga nuqta qo‘yishga shoshilmayapti. Ularning fikricha, radar anomaliyalari tabiiy omillar sabab hosil bo‘lganini butunlay inkor qiladigan dalillar hozircha yo‘q.

Shu sababli tadqiqotchilar burg‘ilash orqali olingan fizik namunalar va laboratoriya natijalariga umid bildirmoqda. Tuproq va karot namunalari kelayotgan qish davomida tahlil qilinadi. Tadqiqotchilar yakuniy xulosani 2027-yili taqdim etishni rejalashtirmoqda. Agar jarayonda qadimgi yog‘och yoki inson tomonidan yaratilgan biror konstruktiv element aniqlansa, Durupinar haqidagi uzoq yillik bahs-munozaralar yangi bosqichga chiqadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.