Dunyoda kutilayotgan umr koʻrish davomiyligi deyarli pandemiyadan oldingi darajaga qaytdi — JSST

Dunyoda umr koʻrish davomiyligi deyarli pandemiyadan oldingi darajaga qaytdi — JSST
2023 yilda dunyoda oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi 73,3 yoshga yetdi va COVID-19 pandemiyasidan oldingi koʻrsatkichga deyarli qaytdi. Shu bilan birga, barcha oʻlim sabablari orasida yuqumli boʻlmagan kasalliklar ulushi ortishda davom etmoqda: agar 2000 yilda ularning hissasiga oʻlim holatlarining 58 foizi toʻgʻri kelgan boʻlsa, 2023 yilda bu koʻrsatkich 74 foizni tashkil etdi.
Bu haqda Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining 2000 yildan 2023 yilgacha boʻlgan davrni qamrab olgan yangi global baholashlarida aytiladi. Taqqoslash uchun, pandemiyadan oldin, 2019 yilda oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi 73,4 yoshni tashkil etgan.
Sogʻlom umr koʻrish davomiyligi koʻrsatkichi sekinroq tiklanmoqda. 2023 yilda u 62,8 yoshni tashkil etdi, bu 2019 yildagi darajadan 0,4 yilga pastdir. Bu koʻrsatkich nafaqat umumiy umr koʻrish davomiyligini, balki sogʻliqni cheklovchi kasalliklar va jarohatlarsiz yashalgan yillarni ham hisobga oladi.
Umr koʻrish davomiyligining oʻsishi fonida surunkali kasalliklarning roli sezilarli darajada kuchaydi. Altsgeymer kasalligi va dementsiyaning boshqa shakllari 2023 yilda 2000 yildagi 19-oʻrindan koʻtarilib, dunyodagi oʻlimning asosiy beshta sababi qatoriga birinchi marta kirdi. Ushbu davr mobaynida dementsiya bilan bogʻliq oʻlim holatlari soni uch baravar koʻpaydi.
Oʻzgarishlar ruhiy buzilishlar bilan bogʻliq vaziyatga ham taʼsir koʻrsatdi. 2019 yildan 2023 yilgacha boʻlgan davrda depressiv buzilishlar bilan bogʻliq kasalliklar yukining global koʻrsatkichi taxminan 20 foizga, xavotirli buzilishlar bilan bogʻliq koʻrsatkich esa deyarli 45 foizga oshdi. Ular birgalikda 2023 yilda barvaqt oʻlim va nogironlik tufayli taxminan 110 million yillik sogʻlom hayotning yoʻqotilishiga olib keldi.
Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga koʻra, 2025 yilda mamlakatda oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi 75,4 yoshni tashkil etdi. "Oʻzbekiston — 2030" strategiyasi doirasida ushbu koʻrsatkichni 78 yoshga yetkazish maqsad qilib qoʻyilgan.
JSST umr koʻrish davomiyligining keyingi oʻsishi nafaqat oʻlim darajasini pasaytirishni, balki yaxshi sogʻliq holatida yashalgan yillar sonini koʻpatirishni ham talab qilishini taʼkidlamoqda. Tashkilotning yangi baholashlari mamlakatlarga yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, erta tashxis qoʻyish va sogʻliqni saqlash tizimlarini rivojlantirishda ustuvor yoʻnalishlarni belgilashga yordam berishi kerak.
2025 yilda dunyoda 65 yoshdan oshgan odamlar soni birinchi marta olti yoshgacha boʻlgan bolalar sonidan oshib, taxminan 852 millionga yetdi. Prognozlarga koʻra, 2060 yilga kelib keksa yoshdagi odamlar soni deyarli ikki baravar koʻpayadi.

