Dronlar parvozi taqiqlanganidan keyin Efiopiya poytaxtida portlashlar eshitildi
Bu voqea poytaxt shimolida armiya va qurolli guruhlarning yangi ittifoqi oʻrtasida toʻqnashuvlar boshlanganidan bir hafta oʻtib yuz berdi.

**Dronlar parvozi taqiqlanganidan keyin Efiopiya poytaxtida portlash tovushlari eshitildi**
Oʻtgan haftada toʻqnashuvlar boshlanganidan beri poytaxtda xavfsizlik borasida xavotirlar mavjud.
Aholi va diplomatik manbalarga koʻra, Efiopiya poytaxtida tunda portlash tovushlari eshitilgan, ulardan baʼzilari shahar gʻarbidagi harbiy shtab-kvartira yaqinida, yana biri esa janubida sodir boʻlgani xabar qilingan.
Portlashlar Addis-Abeba uzra dronlar parvozi taqiqlanganidan bir necha soat oʻtib va shimolda armiya hamda tarkibiga Tigray viloyati kuchlari ham kirgan qurolli guruhlarning yangi tuzilgan alyansi oʻrtasida toʻqnashuvlar boshlanganidan bir hafta oʻtib yuz berdi.
Muxolifatchi jangchilar bilan aloqador manba Reuters axborot agentligiga ular dron hujumlari deb taʼriflagan ushbu harakatlar uchun masʼul ekanliklarini aytdi.
«Bu juda baland ovoz edi. U mashinalarning signalizatsiyasini ishga tushirib yuboradigan darajada kuchli edi», — dedi shaharning janubiy qismida, maxsus xizmat bazasi yaqinida yashovchi aholi vakili BBC Amharic xizmatiga.
Uning aytishicha, u portlash ovozini mahalliy vaqt bilan taxminan soat 00:30 da (Grinvich boʻyicha 21:30) Gotera mahallasida eshitgan.
Yana bir mahalliy turgʻun BBC’ga u va doʻstlari oʻyin oʻynayotganlarida portlash ovozini eshitishganini aytdi.
U gʻarbiy chekka hudud — harbiy shtab-kvartira yaqinidagi Torhayloch mahallasida yashaydi.
Portlashlarga nima sabab boʻlgani, jabrlangan aniq hududlar yoki qurbonlar va talofatlar bor-yoʻqligini tasdiqlovchi rasmiy xabarlar berilmadi.
Efiopiya Bosh vaziri Abiy Ahmed idorasi, Mudofaa vazirligi, shuningdek, federal va Addis-Abeba politsiyasi BBC’ning izoh berish haqidagi soʻrovlariga javob bermadi.

