Dronlar hujumi sabab Moskvaning tört aeroporti işi töxtatildi
23-oktabr kuni Moskvaga dronlar hujumi ortidan şaharning tört aeroporti faoliyati vaqtinça töxtatildi, kelayotgan samolyotlar boşqa şaharlarga yönaltirildi. «Moskva-Siti»dagi binolardan birida odamlar evakuatsiya qilingani ham xabar qilindi. Moskva meri Sergey Sobyanin poytaxt tomon uçayotgan 21 ta dron yöq qilinganini bildirdi.

Dronlar hujumi oqibatida Moskvaning to‘rt aeroporti faoliyatini to‘xtatdi.
DW xabariga ko‘ra, Sobyanin mahalliy vaqt bilan soat 12:35 dan 16:10 gacha dronlar urib tushirilgani haqida bir qator xabarlar bergan. U batafsil ma’lumot bermagan, faqat parchalar tushgan joylarda favqulodda xizmatlar ishlayotganini aytgan.
Hujum sabab Moskvaning barcha to‘rt aeroporti vaqtincha yopildi. Ular orasida eng gavjum bo‘lgan Sheremetyevoda havo hujumi xavfi haqida ogohlantirish berilgan.
Moskvaga yo‘l olgan samolyotlar Sankt-Peterburg, Nijniy Novgorod va boshqa shaharlar aeroportlariga yo‘naltirilgan. Jumladan, Sankt-Peterburgdagi Pulkovo aeroporti 25 ta reysni qabul qilgan.
Ukrainaning Exilenova+ monitoring Telegram-kanali Sheremetyevo aeroportida olingani aytilgan dron parchalari suratini e’lon qilgan. Yana bir monitoring kanali — Exile+ esa hujumda kichik o‘lchamli havo sharlaridan ham foydalanilganini bildirgan.
O‘sha kuni Moskvaning bir nechta nashri guvohlarga tayanib, «Moskva-Siti» ishbilarmonlik markazidagi «IQ-kvartal» minorasidan odamlar evakuatsiya qilinganini xabar qilgan. Bu binoda Rossiyaning Raqamli rivojlanish, Iqtisodiy rivojlanish hamda Sanoat va savdo vazirliklari ofislari joylashgan.
«Ostorojno, novosti» Telegram-kanali tarqatgan qisqa videoda ovoz kuchaytirgich orqali «dronlar xavfi» sabab binodan evakuatsiya o‘tkazilayotgani e’lon qilingan. Biroq TASS davlat agentligi osmono‘par binolardan birida signalizatsiya noto‘g‘ri ishga tushganini bildirgan.
23-oktabr oqshomida Rossiya mudofaa vazirligi kun davomida mamlakatning yetti hududi va qo‘shib olingan Qrim ustida Ukrainaning 87 ta droni yo‘q qilinganini ma’lum qilgan. Vazirlik hisobotida Moskva viloyati ham qayd etilgan.

