Moskva saylov kuni Ukraina dronlarining ommaviy hujumiga uchradi

Moskva saylov kuni Ukraina dronlarining keng ko‘lamli hujumiga duch keldi
Ukraina Moskva shahri va viloyatiga yirik dron zarbalarini yo‘lladi. Shahar meri Sergey Sobyanin 19-sentyabrdan buyon Rossiya chegaralarida 1 600 dan ortiq dron, jumladan, Moskva ustida 450 ta dron urib tushirilganini ma’lum qildi.
“Misli ko‘rilmagan hujum saylovni buzish uchun aniq rejalashtirilgan. Dushman bunga erisha olmadi”, — dedi Sobyanin.
20-sentyabr Rossiyada Davlat dumasi deputatlari uchun ovoz berishning so‘nggi kuni hisoblanadi. Ukraina prezidenti Moskvaga qilingan ommaviy hujumlarda ballistik raketalar ishlatilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujumlarda 10 turdagi dron va raketalar qo‘llangan — ular FP-1, RZ-100, MICH-2000, “Palyanitsa”, “Vendetta”, “Lyutiy”, “Bars”, “Flamingo”, “Sіchen” va “Pelikan”.
Prezident FP-7 nomi bilan ham tanilgan “Pelikan” ishlatilganini alohida ta’kidladi. Bu raketaning urushda qo‘llangan ilk rasmiy holatidir. Hujumlar oqibatida Rossiya neft sanoatining asosiy korxonalaridan biri — Kapotnyadagi neftni qayta ishlash zavodi, logistika obyektlari — Moskva yaqinidagi Sofyinodagi omborlar, shuningdek, Voronej viloyatidagi korxona zarar ko‘rgan.
“Moskva boshqa hududlar hisobidan ko‘p qatlamli havo mudofaasi halqalarini qurmasligi, balki o‘zining shafqatsiz urushini yakunlab, tinchlikni tanlashi kerak. Deeskalatsiya bo‘yicha stol ustida qator qadamlar turibdi: energetika va oziq-ovqat xavfsizligi sohalarida. Buning uchun siyosiy iroda kerak”, — deb yozdi Ukraina prezidenti.

