Layfstayl

“Do‘stlar, yaxshilarni avaylab saqlang”. Maqsud Shayxzodaning she’rlaridan test

“Toshkentnoma” dostoni, “Jaloliddin Manguberdi” va “Mirzo Ulug‘bek” kabi tarixiy dramalar muallifi Maqsud Shayxzoda bundan 118 yil avval — kuzda tug‘ilgan. Shu munosabat bilan Gazeta O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobining she’rlari asosida test tayyorladi.

“Do‘stlar, yaxshilarni avaylab saqlang”. Maqsud Shayxzoda she’rlaridan test

Maqsud Ma’sum o‘g‘li Shayxzoda 1908-yil 25-oktabrda, yangi taqvim bo‘yicha esa 7-noyabrda, Ozarbayjonning Oqtosh (Ag‘dash) shahrida dunyoga kelgan. Maktabni tugatgach, u Bokudagi pedagogika bilim yurtida tahsil olgan. 1925-yildan e’tiboran muallimlik qilgan, Dog‘istonning Darband shahridagi maktabda hamda Bo‘ynoqdagi ta’lim va tarbiya texnikumida o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. 1928-yilda “Milliy firqa” tashkilotiga a’zo bo‘lib, musovotchilar harakatida faol qatnashgani uchun hibsga olinib, Toshkentga surgun qilingan.

O‘rta Osiyo universitetida, hozirgi Milliy universitetda ta’lim olgan ijodkor “Sharq haqiqati”, “Qizil O‘zbekiston” (hozirgi “O‘zbekiston ovozi”), “Yosh leninchi” (hozirgi “Yoshlar ovozi”) va “Guliston” jurnalida faoliyat yuritgan. Keyinchalik Til va adabiyot institutida ilmiy xodim bo‘lib ishlagan, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutida dars bergan.

1920-yillarda matbuotda ilk she’rlari bosilgan atoqli shoir, ayniqsa, 1930-yillarda sermahsul ijod qilgan. 1933-yilda uning birinchi “Loyiq soqchi” nomli she’riy to‘plami, so‘ng “Undoshlarim” va “Uchinchi kitob”i nashr etilgan. 1934−1938-yillarda “Jumhuriyat”, “Yangi devon” hamda “Saylov qo‘shiqlari” chop qilingan. 1940-yillarda esa “Kurash nechun?”, “Jang va qo‘shiq”, “Ko‘ngil deydiki…” va “O‘n besh yilning daftari”, shuningdek, “Zamon torlari”, “Olqishlarim” nomli kitoblari bosmadan chiqqan. 1960-yillarda “Yillar va yo‘llar”, “She'rlar” kabi to‘plamlari taqdim etilgan.

Dramaturg Navoiy ijodi asosida ilmiy tadqiqotlar olib borgan, “Toshkentnoma” dostoni, “Jaloliddin Manguberdi” va “Mirzo Ulug‘bek” tarixiy dramalarini yozgan. 1964-yilda uning ssenariysi asosida “Ulug‘bek yulduzi” filmi suratga olingan. Uilyam Shekspir, Shota Rustaveli va Nozim Hikmat singari ko‘plab yozuvchilarning asarlarini o‘zbek tiliga o‘girgan.

1952-yilda 25 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan ijodkor Stalin vafotidan keyin 1955-yilda ozod etilgan. U 1967-yilda — qamoqxonada orttirgan kasalligi oqibatida vafot etgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.