Texnologiya

Dori-darmonlar qanday ishlab chiqariladi? Jurnalistlar uchun GEROPHARM kompaniyasiga press-tur tashkil etildi

Dori vositalari qanday tayyorlanadi? Jurnalistlar uchun GEROPHARM kompaniyasiga press-tur uyushtirildi

O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjondan kelgan bir guruh jurnalistlar Rossiyaning “GEROPHARM” farmatsevtika kompaniyasi faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida tashkil etilgan press-turda qatnashdi. Safar davomida ularga dori vositalarining asosiy faol moddalari qanday ishlab chiqarilishi, mahsulot sifati qanday nazorat qilinishi va ishlab chiqarish jarayonlari qay tarzda avtomatlashtirilgani ko‘rsatib berildi.

Kompaniyaning ishlab chiqarish sexlari Sankt-Peterburg yaqinidagi Pushkin shahrida joylashgan. Bu yerda qariyb 400 nafar xodim mehnat qiladi. Xodimlarning taxminan 30 foizi sifatni nazorat qilish va ta’minlash bo‘limlarida ishlaydi. Majmua uchta asosiy sexdan iborat. 2017-yilda original preparatlar, 2018-yilda insulin, 2024-yilda esa tabletkalar va kapsulalar ishlab chiqarish sexlari ishga tushirilgan.

Korxonada dori tarkibidagi asosiy faol moddalar ishlab chiqariladi. Keyinchalik aynan shu moddalar asosida tayyor dorilar tayyorlanadi. Ishlab chiqarishning keyingi bosqichi kompaniyaning Moskva viloyatidagi Obolensk shahrida joylashgan boshqa korxonasida amalga oshiriladi.

Press-tur chog‘ida jurnalistlarga ishlab chiqarishning asosiy bosqichlari va sifat nazorati tizimi namoyish etildi. E’tiborlisi, korxonadagi jarayonlarning katta qismi avtomatlashtirilgan. Ayrim sexlarda avtomatlashtirish darajasi 90 foizgacha yetadi.

Masalan, texnolog klapanlarni qo‘lda ochish, suyuqliklarni o‘lchash yoki uskunalar parametrlarini doimiy o‘zgartirish o‘rniga, oldindan tayyorlangan va tekshirilgan elektron retseptni ishga tushiradi. Shundan so‘ng tizim belgilangan operatsiyalar ketma-ketligini mustaqil bajaradi, mutaxassis esa asosiy bosqichlarni kuzatib boradi.

Bunda deyarli har bir bajarilgan harakat videoga muhrlanadi. Agar keyinchalik ayrim seriyalar bo‘yicha savollar tug‘ilsa, mutaxassislar uning qaysi uskunada ishlab chiqarilganini, u bilan kim ishlaganini, qanday ko‘rsatkichlar qayd etilganini va uskuna qachon tekshiruvdan o‘tganini aniqlay oladi.

“GEROPHARM” O‘zbekistonda farmatsevtika bozorida 20 yildan ortiq faoliyat yuritib kelmoqda. Kompaniyaning asosiy yo‘nalishlaridan biri aholini qandli diabet, semirish, shuningdek, nevrologik va oftalmologik kasalliklarni davolash uchun hayotiy muhim dori vositalari bilan ta’minlashdan iborat. Kompaniya, shuningdek, semirishni davolash uchun innovatsion preparatlarni taqdim etib, zamonaviy terapiya imkoniyatlarini kengaytirishga hissa qo‘shmoqda. 2026-yilda “GEROPHARM”ning endokrinologiya yo‘nalishidagi asosiy mahsulotlari “Halol” sertifikatidan muvaffaqiyatli o‘tdi, bu esa preparatlarning yuqori sifat standartlari va mintaqaning madaniy qadriyatlariga qat’iy muvofiqligini tasdiqlaydi.

Ishlab chiqarish bosqichlari davom etgani sari tozalik talablari ham yanada kuchayib boradi. Muayyan bosqichdan boshlab xodimni ishlab chiqarish muhitidan himoya qilish emas, balki mahsulotni insonning o‘zidan himoya qilish muhim bo‘lib qoladi.

— Ayrim bosqichlarda biz o‘zimizni substansiyadan emas, balki uni insondan himoya qilamiz. Chunki asosiy ifloslanish manbai — inson. Shu sababli eng toza ishlab chiqarish zonalariga oddiy kiyimda kirish mumkin emas. Xodimlar maxsus, tuk chiqarmaydigan kiyimlarga almashtiriladi, sochlarini va tananing ochiq qismlarini yopadi, deydi Irina Spirkina.

Xonalarda harorat, namlik, bosim va havoning holati doimiy nazorat qilinadi. Ishlab chiqarilgan har bir substansiya seriyasi 20 dan ortiq ko‘rsatkich bo‘yicha tahlildan o‘tkaziladi.

Agar tizim biror og‘ish yoki nomuvofiqlikni aniqlasa, mutaxassislar uning sababini topmaguncha mahsulot ishlab chiqarishga chiqarilmaydi.

Pushkindagi korxonada tayyorlangan substansiya zarur harorat rejimiga rioya qilingan holda Obolenskdagi korxonaga olib boriladi.

Uch kunlik press-tur davomida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob olishdi. Ular dori-darmon ishlab chiqarish murakkab va mas’uliyatli jarayon ekaniga, har bir bosqichda sifat va xavfsizlikka alohida e’tibor qaratilishiga amin bo‘lishdi.

— Universitetda o‘qiyotganimizda bemorlarning kasallik tarixini doim tahlil qilardik. Tashxislarda semirish doim uchinchi, ba’zan esa hatto to‘rtinchi o‘rinda turardi. Old o‘rinlarda asosan surunkali yurak ishemik kasalligi, gipertoniya yoki infarct turardi.

Men doim o‘qituvchilardan: “Agar aynan semirish barcha shu tomir kasalliklari va og‘ir asoratlarning asosiy sababi ekanini tushunsak, nega uni ro‘yxatning eng oxiriga qo‘yamiz?” deb so‘rardim. O‘shanda hech kim menga javob bera olmagan.

Faqat yillar o‘tib, sababini o‘zim tushundim. Javob juda oddiy ekan: u paytlarda semirishni davolash uchun dori vositalari yo‘q edi. Agar dori bo‘lmasa, go‘yoki kasallikning o‘zi ham mavjud emasdek qaralardi. Ammo bugun yondashuvlar o‘zgarmoqda: ortiqcha vazn shunchaki estetik muammo emas, balki rasman og‘ir tibbiy tashxislar toifasiga o‘tdi, — deydi mutaxassisligi bo‘yicha shifokor, kompaniyaning ilmiy-tadqiqot markazi direktori Roman Dray.

Roman Dray shu bilan birga tez natijaga erishishga intilish xavfli ekanligi va vazn tashlashda tibbiy me’yorlarga rioya qilish zarurligi haqida alohida ogohlantiradi:

— Tez ozish mumkin emas. Tibbiyot nuqtayi nazaridan xavfsiz me’yor oyiga taxminan 3–4 kilogrammni tashkil etadi. Insonning barcha ichki a’zolari yog‘ qobig‘i bilan o‘ralgan. Agar inson bir oyda 10–20 kilogramm vazn yo‘qotsa, ichki a’zolar organizmdagi yangi holatga moslashishga ulgurmaydi. Bu tana uchun juda kuchli stress bo‘ladi: soch to‘kiladi, hayz sikli buzilib, gormonal o‘zgarishlar ham sodir bo‘lishi mumkin. Vaznni asta-sekin, bosqichma-bosqich va albatta shifokor nazorati ostida tashlash kerak, deydi Roman Dray.

Ijtimoiy tarmoqlarda semaglutid va tirzepatid atrofida muntazam ravishda xavotirli sarlavhalar paydo bo‘ladi. Uchrashuv davomida Roman Dray ularni real klinik tadqiqotlar ma’lumotlari bilan taqqosladi.

— Bunday tipga kiruvchi dorilar qalqonsimon bez saratoniga sabab bo‘lishi mumkin degan xavotir dastlab hayvonlarda o‘tkazilgan tajribalar asosida paydo bo‘lgan. Kalamushlarda tajriba o‘tkazilgach, ularning qalqonsimon bezida ayrim o‘zgarishlar aniqlangan. Chunki kalamushlarning qalqonsimon bezida GLP-1 retseptorlari odamlarga qaraganda bir necha baravar ko‘p. Odamlarda esa vaziyat boshqacha. 17,6 ming kishi qatnashgan SELECT tadqiqoti va dunyo bo‘yicha 50 mingdan ortiq odam ishtirok etgan klinik tadqiqotlarda semaglutid yoki tirzepatid qabul qilish bilan bog‘liq qalqonsimon bez saratoni holati aniqlanmagan.

Bu dorilar suyaklarga zarar yetkazishi mumkin degan farazlar ham qulog‘ingizga chalingandir. Bu fikrlar ham ayrim biokimyoviy ko‘rsatkichlarga asoslangan. Ammo amaliyotda suyak sinishlari ko‘payganini ko‘rsatuvchi aniq statistika keltirilmagan. Aksincha, vazn kamayishi bo‘g‘im va suyaklarga tushadigan ortiqcha yukni kamaytiradi.

“Oshqozon falaji” yoki gastroparez haqida ham turli gaplar tarqalgan. Preparatlar haqiqatan ham oshqozon faoliyatini biroz sekinlashtiradi. Bu odamning uzoqroq vaqt davomida to‘qlik his qilishiga yordam beradi. Lekin oshqozon faoliyati butunlay to‘xtab qolgan holatlar klinik tadqiqotlarda qayd etilmagan. Noqulayliklar, asosan, organizm dori ta’siriga moslashayotgan birinchi oyda kuzatilishi mumkin.

Ayrim odamlar preparatni qabul qilganda, yog‘ bilan birga mushak massasi ham kamayadimi, deb so‘rashadi. Vazn tashlash jarayonida organizm nafaqat yog‘ni, balki yog‘siz massa — ya’ni mushak, suv va boshqa to‘qimalarning bir qismini ham yo‘qotishi mumkin. Biroq tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, vazn kamayishining asosiy qismi yog‘ hisobiga to‘g‘ri keladi.

Shu sababli vazn tashlash davrida yetarli miqdorda oqsil iste’mol qilish va muntazam jismoniy mashqlar, ayniqsa kuch mashqlarini bajarish muhim. Bu mushak massasini imkon qadar saqlab qolishga yordam beradi, deydi kompaniyaning ilmiy-tadqiqot markazi direktori Roman Dray.

Pushkin shahridagi zavodga jurnalistik tashrif har doim ham amalga oshirilavermaydi. Chunki bu yerda ishlab chiqarish jarayoni qat’iy intizom, yuqori aniqlik va doimiy nazorat ostida olib boriladi. Nafaqat preparatlarni ishlab chiqarish, balki ularni saqlash jarayoni ham alohida e’tibor bilan nazorat qilinadi.

Press-tur davomida jurnalistlarga preparatlarning yaratilish jarayoni — dastlabki mikrobiologik probirkadan tortib, omborda saqlanayotgan tayyor shprits-ruchkalargacha bo‘lgan bosqichlar ochiq namoyish etildi. Ilm-fan va tibbiyotning rivojlanayotgani, albatta, yaxshi. Ammo zamonaviy preparatlarning paydo bo‘lishi insonni jismoniy faollikdan voz kechishga yoki ovqatlanishda o‘zini cheklamaslikka undamasligi kerak. Dori vositasi muammoni hal qilishning yagona yo‘li emas.

Unutmang, sog‘lom turmush tarziga amal qilish har qanday kasallik va semizlik muammosidan qutilishga yordam beradi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.