O‘zbekistonda C gepatitiga qarshi dorilar ishlab chiqarilishi mumkin

O‘zbekistonda C gepatitiga qarshi dori vositalarini ishlab chiqarish imkoniyatlari muhokama qilindi. “Dunyo” axborot agentligining xabar berishicha, Qohirada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Misrning Pharco Corporation farmatsevtika korporatsiyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston diplomatlari Pharco Corporation mintaqaviy direktori Muhammad Foruq bilan uchrashib, korporatsiyani O‘zbekiston bilan hamkorlikka jalb qilish, sarmoya kiritish, texnologiyalar transferi hamda C gepatitiga qarshi preparatlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalarini muhokama qildilar.
Pharco Pharmaceuticals, 1987-yilda tashkil etilgan Pharco Corporation tarkibiga kiruvchi korxona bo‘lib, 5,7 mingdan ortiq xodimga ega to‘qqizta tashkilotni o‘z ichiga oladi. Korporatsiyaning yillik savdo hajmi 345 million qadoqdan oshadi va mahsulotlari 57 mamlakatga yetkazib beriladi. Pharco 13,2 foizlik ulush bilan Misr farmatsevtika bozorida yetakchi o‘rinni egallaydi.
Muhammad Foruq Misrda C gepatitini bartaraf etishda korporatsiyaning muhim rolini ta’kidladi. Kompaniya “Gratisovir” nomli sofosbuvir generigi va litsenziyalangan “Ravidasvir” preparati kabi arzon virusga qarshi dori vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Bu esa davolash kursining narxini bir necha o‘n ming dollardan 100 dollargacha pasaytirishga imkon berdi. Davolash kursidan so‘ng bemorlarning sog‘ayish ko‘rsatkichi 99 foizni tashkil etgan. Milliy dastur doirasida preparatlarning ommaviy yetkazib berilishi millionlab fuqarolarni davolashga yordam berdi, natijada Misr C gepatitini yenggani uchun JSSTning rasmiy “Oltin sertifikati”ni olgan dunyodagi birinchi davlatga aylandi.
Hozirda Pharco Corporation O‘zbekistonning qator xususiy farmatsevtika kompaniyalari bilan hamkorlik qilmoqda. Ushbu sheriklik doirasida “Gratisovir” va “Ravidasvir” dori vositalarini yetkazib berish, texnologiyalar transferi va O‘zbekiston farmatsevtika quvvatlari negizida ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni ta’minlash mumkin.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, mamlakat xususiy farmatsevtika kompaniyalari va Pharco Corporation ishtirokida onlayn muzokaralar o‘tkazishga kelishib oldilar. Misrlik mutaxassislar keyingi muzokaralar uchun O‘zbekistonga delegatsiya yuborishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
**O‘zbekistonda gepatit C ga qarshi kurash choralari**
Misr hukumati O‘zbekistonga gepatit C ga qarshi dori vositalarini insonparvarlik yordami sifatida muntazam ravishda yuborib kelgan. Ushbu dori vositalari Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti tomonidan shifotalab bemorlarga taqsimlangan.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2030-yilgacha gepatit C dan holi hudud maqomiga erishishni maqsad qilgan. Prezidentning 2026-yil 1-yanvardan kuchga kirgan qaroriga binoan, virusli gepatitning C va B turlarini erta tashxislash va virusga qarshi maxsus davolash ishlarini tashkil etish uchun ajratiladigan mablag‘larni 2026-yilda 6 921,9 mlrd so‘m, 2027-yilda 7,280 mlrd so‘m, 2028-yilda 7 790,5 mlrd so‘mga yetkazish rejalashtirilgan.
2026-yilning yanvarida Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Misrning yirik kompaniyasi O‘zbekistonda gepatit C virusiga qarshi dori vositasini ishlab chiqarish taklifi bilan chiqqani ma’lum qilingan edi. Prezident mutasaddilarga ushbu loyihani boshlashni topshirgan.

